Jahon | 16:30 / 17.07.2017
21706
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil nima sababdan Suriyada otishmalar to‘xtashini xohlamaydi?

Isroil hukumati Rossiya va AQShning Suriyada vaqtinchalik barcha otishmalarni to‘xtatish borasida kelishuvini olqishlamadi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Benjamin Netanyaxu Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan keyin aytgan.

Donald Tramp va Vladimir Putin Hamburgdagi katta yigirmatalik davlatlari rahbarlari yig‘ilishida Suriyada vaqtinchalik barcha turdagi otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Isroil rahbari esa Makron bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga Isroil bu kelishuvga qarshi turishini aytgan.

Netanyaxuning aytishicha, otishmalarning to‘xtashi mintaqada Eronning pozitsiyasini mustahkamlaydi va ular imkoniyatdan foydalanib, terrorchilarga ko‘mak berishadi. Isroil Eronni terrorchilarning asosiy homiysi deb hisoblaydi.

Bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Isroilning kelishuvga qarshiligi haqidagi savolni izohlashdan bosh tortdi.

Bunday holat esa birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Isroil aralashgan juda ko‘p voqealar izohlanmay qolib ketadi. Xususan shu yilning 24 iyun kuni Isroil Suriya armiyasi tomon havo zarbalarini bergandi. Bunga sabab sifatida uzoq vaqt davomida Suriyaniki bo‘lgan va oxirgi yillarda Isroil tasarrufiga o‘tgan Golan tepaliklariga Suriya tomonidan bir nechta snaryadlar kelib tushgani aytilgan. Isroil havo kuchlarining zarbalari na AQSh va na Rossiya tomonidan qoralangan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid