Jurnalist Elmurod Ermatov o‘zbekistonlik futbolchi, ayni vaqtda Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgan «Tosno» klubi a'zosi Vagiz Galiulindan intervyu oldi.

Aytingchi, terma jamoa bosh murabbiyidan nima talab qilinadi? Juda oddiy savol to‘g‘rimi?
Javobi ham oddiy: «Bosh murabbiy mamlakatda voyaga yetgan va o‘z jamoasi safida yetuk o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchilarni yig‘ib, ya'ni terib olib, MTJni shakllantirishi, kerakli natijalar sari intilishi lozim».

Taktika, o‘yin falsafasi haqida gapirmaymiz. Chunki, bu haqda murabbiyning o‘zi bosh qotirsin.

Milliy terma jamoamiz jahon chempionati eshigini ochishi uchun oldinda ikkitagina o‘yin turibdi. Xitoy bilan mehmonda va Toshkentda Janubiy Koreya vakillariga qarshi bo‘ladigan so‘nggi o‘yin.

Qarangki, shu ikkala bahsdagi ijobiy natija bizni mundialga olib chiqadi. Hali bizda yaxshi imkoniyat bor. Ikki o‘yinni yut va maqsadga yet!

Tarkib borasidagi muammolar yetarli ekanini Eron bilan bo‘lgan bahsda guvohi bo‘ldik. Tajribali himoyachi Vitaliy Denisovning jarohati MTJ o‘yiniga salbiy ta'sir qilgani ham bor gap.

Bilasizmi, Rossiya premer ligasining «Tosno» klubida «vunderkind» laqabli Vagiz Galiulin to‘p suradi. Vagiz o‘tkazilgan uch turda «Tosno» tarkibida 90 daqiqadan to‘p surdi. To‘g‘ri, Premer-liga debyutanti bo‘lgan «Tosno» bu turlarda «Ufa», «Krasnodar» va «Zenit» kabi raqiblarga yutqazdi. Lekin, aynan hamyurtimiz Galiulin ko‘rsatgan o‘yinlarga futbol mutaxassislari yuqori baho berishgan.

Vagiz bilan telefon orqali uzoq suhbatlashdik:

- Vagiz, zdravstvuyte!  
- Assalomu alaykum. Aka, bemalol o‘zbekcha gapiravering.
- Vagiz, jamoangiz o‘yinini kuzatib boryapman.
- Rahmat, o‘yinlarni yaxshi o‘ynab, yutqazdik. «Tosno» Premer-ligaga moslashish yo‘lida harakat qilyapti. 
- Ayni paytda jismoniy holatingiz qanday?
- Ideal darajada. Bilasiz Premer-ligada  talab kuchli, bu yoqda legionerlar limiti. Maydondagi harakatlarim murabbiylarni qoniqtiryapti. Men esa tinimsiz harakatdaman.
- MTJ keyingi oy JCh saralash bahsida o‘ynaydi. Chaqiruv bo‘ldimi?
- Kutyapman. Lekin, Samvel Babayan murabbiylar shtabi tomonidan hech kim aloqaga chiqmadi. Terma jamoamizning barcha o‘yinlarini kuzatib boraman. Agar chaqirishsa, bor kuchimni berib o‘ynagan bo‘lardim.