Parijliklar kuzning eng muhim oʻyinida gʻalabaga erishdi, ammo jiddiy yoʻqotishlarga uchradi; Abduqodir Husanov toʻliq oʻynagan, Holand zaxiradan ham tushmagan oʻyinda «Siti» 5 ta gol urib gʻalaba qozondi; «Liverpul» esa 7 gol urilgan oʻyinda kambek amalga oshirdi; Rahmonaliyev va jamoasi «Borussiya»ga yutqazdi.

«Barsa»ning gʻalabali seriyasi toʻxtatildi

«PSJ» – «Barselona» 4:2
Gollar: Due, 38 (1:0). Espart, 55 (1:1). Ernandez, 72 (2:1). Yamal, 79 (2:2). Vitinya, 81 (3:2). Ruis, 87 (4:2)
«PSJ»: Safonov, Markinios (Zabarniy, 59), Pacho, Ernandez (Mayulu, 78), Hakimi, Ruis, Vitinya, Joau Nevesh, Kvaratsxeliya (Akliush, 59), Due (Zair-Emeri, 78), Dembele (Torres, 20)
«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, Espart (Balde, 74), Pedri (Gavi, 60), Bernal (Rodri, 60), Olmo (Fermin Lopes, 27), Yamal, Gordon, Rafinya (Adeyemi, 60)
Ogohlantirish: Joau Kanselu, 17

Bu oʻyindan muxlislar koʻp narsa kutishayotgandi va jamoalar amalda ham tomoshabop oʻyin namoyish etib berishdi. Xvicha Kvaratsxeliya birinchi daqiqadayoq darvoza ustunini poyladi. Boʻlim davomida kataloniyaliklar posboni Joan Garsiya jami sakkiz seyv ijro etishiga toʻgʻri keldi. Parijliklar oʻyin yakunigacha darvoza sohasiga toʻgʻri borgan zarbalari sonini 14 taga yetkazishdi.

Ammo birinchi boʻlimda gollardan koʻra jarohatlar koʻp boʻldi. Avvaliga Usmon Dembele, uning ortidan Dani Olmo jarohat olib maydonni tark etdi.

Ularning oʻrniga zaxiradan tushgan Ferran Torres va Fermin Lopes esa vaziyatlarni koʻkka sovurishdi. Faqat boʻlim oxirlarida Dezire Due oʻz mahoratini namoyish etib, himoyachilar qurshovida turgan holda qaytarib boʻlmas zarba yoʻllab, hisobni ochdi.

Ikkinchi boʻlim boshida esa kataloniyaliklarning 19 yoshli himoyachisi Havi Espart oʻng qanotdan oldinga yurdi va hisobni tenglashtirdi. Oʻtkazilgan gol ortidan mezbonlar ketma-ket yoqimsiz holatlarga duch kelishdi. Markinios va Xvicha jarohat olib maydonni tark etishdi. Gurjistonlik vingerning jarohati jiddiy ekani va u mavsum oxirlariga qadar safga qayta olmasligi aytilmoqda.