Mashhur Gobuston tarixiy-badiiy yodgorligi Baku shahri (Ozarboyjon)dan 56 kilometr masofada joylashgan. "Kun.uz" muxbiri Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon madaniyat markazi hamda Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondi (International Eurasia Press Fund) tashabbusi bilan ushbu dunyoga mashhur tarixiy maskanda bo‘lib, u haqidagi ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi. 

Gobuston so‘zi "jarliklar o‘lkasi" degan ma'noni anglatadi ("gobu" - jarlik va "ston" - o‘lka). Gobuston maydoni uzunligi taxminan 20 kilometr, kengligi esa 5 kilometrni tashkil qiladi. Bu yerdagi eng katta tog‘ning balandligi - 400 metr. Shuningdek Gobustonda loyli vulqonlar ham joylashgan. Gobustonda subtropik iqlim hukmron. Qish - mo‘'tadil, yoz esa - quruq va issiq. 

Gobustondagi qoyatosh yozuvlari birinchi marta 1939 yilda taniqli ozarboyjon arxeologi Ishoq Ja'farzoda tomonidan aniqlangan. U 1939 yilda - Jing‘irtog‘ va Qiziltepa tog‘lari hududidagi, 1940 yilda esa Buyukdosh va Kichikdosh tog‘lari hududidagi qoyatosh yozuvlarini tadqiq qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida Gobustondagi tadqiqotlar to‘xtatib qo‘yilgan, 1947 yilda esa qayta tiklangan. 

Bugungi kunda Gobustonda 6000 dan ziyod qoyatosh yozuvlari va 1000 ga yaqin topilmalar mavjud. Gobustondagi qoyatosh yozuvlari mavzu jihatdan xilma xilligi bilan ajralib turadi. Odamlar, jonivorlar (yovvoyi buqa, echki, kiyik, ot va b.), qushlar va hokazo. Qoyatoshlarda shuningdek qayiqlar, baliq tutishga mo‘ljallangan to‘r, ikki g‘ildirakli arava, tuyalar karvoni, quyosh tasvirlarini ham ko‘rishingiz mumkin.