17 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, muammolar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, qator vazirlik idoralar rahbarlari, shuningdek, videoselektor orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ularning yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, jamoat tashkilotlari, ichki ishlar organlarning tarkibiy bo‘linmalari mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan ishlarning ahvoli, muammolar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Aholining tinch va osoyishta hayot kechirishini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalari Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatida eng muhim va ustuvor o‘rin egallaydi. Darhaqiqat, bu masala bugun yurtimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning eng asosiy sharti va garovidir. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar tizimini tubdan isloh qilish, uning faoliyati samaradorligini zamonaviy bosqichga ko‘tarishdek g‘oyat murakkab vazifa doimiy ravishda kun tartibiga qo‘yib kelinmoqda.

O‘tgan qisqa davr mobaynida, ayniqsa, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yangi ish uslublari joriy etildi va bu sohada yaxlit huquqiy tizim yaratildi.

Profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida joylarda turli bo‘g‘indagi hokimlar va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etildi.

Bu sohada parlament va jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Senat va mahalliy kengashlarda mas'ul shaxslarning hisobotlarini tanqidiy muhokama qilish, ular faoliyatini baholash bo‘yicha yangi tizim yaratildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha bo‘yicha respublika idoralararo komissiyalari tashkil etildi.

Eng muhimi, har payshanba “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilanib, haftaning shu kunida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar qat'iy, aniq va tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.