O‘zbekiston | 18:30 / 19.08.2017
6125
2 daqiqa o‘qiladi

19 avgust kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq hasharida to‘qqiz millionga yaqin fuqaro ishtirok etdi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston mustaqilligining yigirma olti yillik bayrami arafasida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan tuzilgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosiga izchil kirishildi. Bu haqda Kengash Axborot xizmati KUN.UZ’ga xabar bermoqda.

Hasharning birinchi kuni soat 12:00gacha respublikaning barcha hududlaridan olingan  ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu xayriya tadbirida jami 8 million 326 ming nafardan ziyod fuqaro, shu jumladan, 5 million 303 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Odamlar tomonidan 18568 gektar maydon obodonlashtirildi, 11662 kilometr ariq va lotoklar tozalandi. 5400 dan ziyod qabriston va 423 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. Shuningdek, 6 million 432 ming tupdan ortiq daraxtga shakl berilib, oqlandi. Bunday xayrli ishlarni amalga oshirish uchun jami 8 299 ta texnika vositasi jalb etildi.

Umumxalq xayriya tadbirlarida ehtiyojmand insonlar, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari va nogironlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilyapti. “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” shiori ostida hasharda 6124 ta oilaning 248878 metr kvadrat uy-joylari ta'mirlandi. 10396 ta ehtiyojmand oilaga, shundan 3010 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroga, yakka-yolg‘iz keksalarga muruvvat yordamlari ko‘rsatiladi. 

Mavzuga oid