6-avgust kuni Oliy Majlis Senatida «Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi» mavzusida konferensiya o‘tkazilib, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start berildi.
Tadbirda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati rahbariyati, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani Oliy Majlis Senati raisi, Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.

Senat raisi o‘z nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlari O‘zbekiston uchun shunchaki xalqaro majburiyat emas, balki aholi hayot sifatini yaxshilash, hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik va kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturining muhim qismiga aylanganini qayd etdi. Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan barqaror rivojlanish maqsadlari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi bilan to‘liq uyg‘unlashtirilgani, ularni amalga oshirishning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlanganini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida respublika bo‘ylab yuzlab tadbirlar tashkil etiladi. Xususan, parlament eshituvlari, mahalliy Kengashlar sessiyalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus media-loyihalar amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining Barqaror rivojlanish maqsadlariga daxldorlik hissini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish va umumiy maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Konferensiyada so‘zga chiqqan milliy va xorijiy ekspertlar O‘zbekiston 16 ta milliy Barqaror rivojlanish maqsadi va 126 ta vazifani qabul qilgani, ularning barchasi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirilganini qayd etdi.








