12:42 / 31.08.2017
8847

4 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlagan shaxslar fosh etildi 

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan xorijiy fuqaro A.Abdulkexxar boshqaruvida Turkiyadan respublikamizga yetib kelgan yuk avtotransport vositasi o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda navbatdagi bojxona qoidabuzarligi fosh bo‘ldi. Bu haqda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Endless Business LLC” korxonasi nomiga keltirilayotgan yuklar aslida qiymati salkam 20 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 23 tonnadan ortiq qurilish materiallari bo‘lishi lozim edi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida konteynerdagi tovarlar bilan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma'lumotlar o‘rtasida tafovut mavjudligi aniqlandi. Sodda qilib aytganda mazkur tovarlar hujjatlardagidan ko‘ra ortiqcha miqdorda ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridan qayd etilmagan qurilish materiallarining umumiy qiymati 648 mln. so‘mni tashkil qildi.

Hozirda ushbu tovarlar vaqtincha saqlovga olib quyildi va mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Xitoydan Farg‘ona shahridagi “Namuna savdo minbari” MChJ nomiga temir yo‘l konteynerida yuborilgan yuklar ham bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, ushbu konteynerda qiymati salkam 4.5 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 25 tonna 800 kg.dan ortiq og‘irlikdagi kafellar bo‘lishi lozim edim. Ammo, ko‘zdan kechiruv davomida ushbu tovarlar o‘rniga hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan, qiymati 3.7 mlrd so‘mdan ortiq kiyim-kechaklar borligi aniqlandi.

Bojxonachilarning ko‘zini shu tariqa shamg‘alat qilishga uringan qonunbuzarlar bu usullari bilan davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan 4 mlrd. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashgan.

Mazkur qonunbuzilish holatlarida aniqlangan tafovutlar tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan to‘la bartaraf qilingach va belgilangan miqdordagi bojxona to‘lovlari undirilganidan so‘ng ushbu tovar-moddiy boyliklar hozirda tadbirkorlik sub'yetlariga bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib berilmoqda.

Top