Matbuot sohasida ishlab, sochim oqargani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ba'zi bir xulosalarga kelish uchun to‘qqiz-o‘n yil nazarimda, kifoya.
Ochig‘i, Toshkentdagi OAVlar haqida bir nima deyolmayman, ammo Samarqanddagi gazeta-jurnallarning, televideniyelarning sakson foiz ijodiy xodimi filolog. «Endi, bir vaqtlar jurnalistlar bo‘lmagani uchun «boshi aylanib» kelib qolgandir-da» dersiz, biroq e'tiroz qilaman. Samarqandlik yosh jurnalistlar orasida bugun ham filologlar ko‘p.
Masalaga o‘tay. Har yili viloyatlardagi gazetalarga O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti, O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetidan talabalar amaliyot uchun yuboriladi. Bu tajribaga besh-olti yildan buyon guvohman.
Ikkala oliy o‘quv yurtining rahbariyati bundan faqat yaxshilikni ko‘zlagan, bunga shubha yo‘q. Chunki amaliyotni ko‘rmagan, tahririyatda gazeta chiqarish tartib-tamoyili, maqola tahririni bilmagan yosh jurnalistning qo‘liga diplom berish uni jangga qurolsiz jo‘natishdek gap. Ya'ni, u ertaga omadi chopib, biror gazeta-jurnalga «ilingan» taqdirda ham ikki kunda jurnalistikadan sovuydi. Sababi, ishlolmaydi, maqola yozolmaydi. Qarabsizki, xayr, jurnalistika!
Bo‘lgan voqea. Holatni o‘zgartirmasdan bayon qilmoqchiman. Odatda juda maydakash emasman. Lekin shu mavzuga batafsil to‘xtalmasak bo‘lmaydi.
Yaqinda xonamga bir yigit kirib keldi:
— Yaxshimisiz, brat!
— Rahmat, keling uka, o‘tiring.
— Jurnalistika fakultetida o‘qiyman, amaliyotga jo‘natishdi. Falonchining (ismini aytish noo‘rin, sha'niga tegishi mumkin, davlat mukofoti olgan bir qiz) ukasiman, taniysizmi?
Bolaning iddaosi, o‘zini tutishini ko‘rib, opasini tanisam ham tanimaslikka oldim.
— Xo‘sh, amaliyotga kelgan bo‘lsangiz, nimadan boshlaymiz? Maqola yozganmisiz, birorta gazetada maqolangiz bosilganmi?
— Ha, yozganman, bitta maqolam markaziy gazetada chiqqan.
— Qaysi mavzuda, qaysi gazetada? Menga deyarli yigirma nomdagi gazeta keladi, o‘qib ko‘ray-chi.
— Esimda yo‘q, Navoiy ijodi haqida edi...
Nazarimda, bu yigit chekka tumandagilar gazeta o‘qimaydi yoki menga o‘xshagan amaliyotchidan tezroq qutilish payida bo‘ladi, degan xayolga borgan. Yo‘q, men uni shunchaki qo‘yib yuborishni xayolimgayam keltirmadim. Amaliyot qog‘ozini ko‘zdan kechirdim — 15 iyundan 7 iyulgacha bu yigit gazetamizda maqola yozishni mashq qilishi kerak ekan.















