Jahon | 13:56 / 15.09.2017
13260
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston mamlakatga qochib o‘tgan rohingya musulmonlarini deportatsiya qilmoqchi

Foto: AP

Hindiston ichki ishlar davlat vaziri Xansraj Gangaram Axirning ma'lum qilishicha, hukumat mamlakatda noqonuniy maqomda bo‘lib turgan rohingya musulmonlariga “ishona olmaydi”, hamda xalqaro bosimga qaramay, ularning deportatsiyasi ustida ish olib borishda davom etadi.

Hindistonda BMT tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan taxminan 40 ming rohingya musulmonlarini deportatsiya qilish masalasi avgust boshidan beri muhokama etilmoqda. Hukumat mahalliy hokimiyatlarga mamlakat hududida noqonuniy bo‘lib turgan barcha xorijiy fuqarolarni aniqlash va deportatsiya qilish bo‘yicha ishlar olish borishni topshirgani haqida xabar bergandi. Muammo Myanmaning Rakxayn shtatidagi mojaro keskin tus olgach, yanada og‘irlashdi.

Hindistonning bu boradagi rejalari BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Hussayn tomonidan tanqid ostiga olindi. Dehlining javobi esa tushunarsiz bo‘ldi. Avvaliga, IIVning boshqa bir vakili Kiren Ridjiju seshanba kuni rohingya musulmonlarini deportatsiya qilishi bo‘yicha yakuniy rejalar hozircha yo‘qligini ma'lum qildi. Biroq uning hamkasbi Xansraj Gangaram Axir yanada keskin bayonotlar bilan chiqib, Dehli tanqidlarga qaramay, rohingya musulmonlarini deportatsiya qilish bo‘yicha rejalarga egaligini tasdiqladi.

"Menga aniqlik kiritishga imkon bering, ular hindlar emas, ular – noqonuniy muhojirlar. Biz ularga ishona olmaymiz", - deya Axirning so‘zlarini keltiradi IANS agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rohingyalar terrorchilik tashkilotlari bilan “ba'zi aloqalar”ga ega bo‘lishi mumkin, biroq u hukumatda bu taxminni tasdiqlovchi aniq ma'lumotlar bor yoki yo‘qligiga oydinlik kiritmagan. "Ularda ba'zi aloqalar bo‘lishi mumkin, shuning uchun biz bu haqda gapirmoqdamiz. Hukumatning fikricha, ular tahdid uyg‘otadi", - deya ma'lum qilgan IIV vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, avvalgi hukumatlar rohingyalarni mamlakatga “kichik sonda” kiritishgan, “biroq endi hukumat ularni bu yerda qoldirmaslikka qaror qildi”. “Ularni bu yerda ushlab turish – millat manfaatlariga xizmat qilmaydi. Hukumat hech qanday bosimga qarab o‘tirmaydi”, - deya ma'lum qilgan Axir.

Biroq, hukumatning rejalariga Hindiston Oliy sudi xalaqit berishi mumkin. Hozirgi paytda oliy sud instansiyasida hukumatning rohingyalarni deportatsiya qilish bo‘yicha rejalariga qarshi da'vo arizasi ko‘rib chiqilmoqda. Sud hukumatdan o‘z pozitsiyasini taqdim etishni so‘radi. Kutilishicha, hukumat buni kelayotgan dushanba kuni amalga oshiradi.

Avvalroq Malayziya bosh vaziri Myanmadagi voqealarni genotsid deb atagandi.

Mavzuga oid