Hafta o‘rtasida Ispaniya, Italiya va Germaniyada chempionat, Angliyada esa kubok o‘yinlari o‘tkazildi. Bugundan chempionatlarda navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. «Tribuna» tomosha qilish alohida tavsiya qilinadigan e'tiborga molik uchrashuvlarga to‘xtalib o‘tamiz. Qayd etish joizki, kelasi hafta o‘rtalarida Yevropa Chempionlar Ligasi 2-tur o‘yinlari bo‘lishi sababli, bu hafta aksariyat o‘yinlar shanba oqshomida bo‘lib o‘tadi.
«VeST HEM» – «TOTTeNHEM»
23 sentabr. 16:30
London derbisi. «Vest Hem» kuchli raqibiga qarshi so‘nggi ikki uy uchrashuvida bir xil – 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Ayniqsa, aynan «Vest Hem»dan mag‘lubiyat o‘tgan yili Pochettino shogirdlarini chempionlik kurashidan chiqarib yuborgandi.
Bilich shogirdlari mavsumni 3 mag‘lubiyat bilan boshlab, jadvalning so‘nggi pog‘onalarida bordi. Lekin jamoa 5 turda 4 o‘yinni safarda o‘tkazdi. «Vest Hem» o‘z maydonidagi yagona uchrashuvda g‘alaba qozondi, «Tottenhem» ham jiddiy qarshilikka duch kelishi tayin.
O‘z navbatida, «Tottenhem» «Uembli»da omadsiz bo‘lsa-da, safar o‘yinlarida yo‘qotishsiz bormoqda. 2 o‘yin, 2 g‘alaba, to‘plar nisbati – 5:0.
Aytgancha, Angliya Liga kubogi qur'asiga ko‘ra, jamoalar oktabrda bu musobaqa nimchorak finalida ham to‘qnash keladilar.
«MONPeLe» – «PSJ»
23 sentabr. 20:00
Parij klubi yechinish xonasidagi voqealar, go‘yoki oddiy o‘yinga bo‘lgan barchaning e'tiborini yig‘moqda. Neymar va Kavani o‘rtasidagi ziddiyatlar maydonga qanday ko‘chadi? Penaltini kim tepadi? Biri gol ursa, ikkinchisi tabriklaydimi? Neymar Kavaniga to‘p oshiradimi?
Xullas, o‘yin o‘z yo‘liga, hafta davomida sizni bezor qilgan mana shu serialning davomi qanday bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, bu o‘yinni o‘tkazib yubormang.
«STOK SITI» – «CheLSI»
23 sentabr. 19:00
«Stok Siti» o‘z maydonida Angliya grandlari uchun haqiqiy sinov bo‘lishda davom etaveradi. Hyuz shogirdlari «Arsenal» ustidan g‘alaba qozonib, «Manchester Yunayted»dan ochko tortib oldi. Endi navbat mamlakat chempioniga. Jamoa «Chelsi»ga qarshi kechgan so‘nggi 7 uy uchrashuvining 4tasida ochko olishning uddasidan chiqqan.















