Bugundan Yevropa chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. Albatta, juda qiziqarli va tomoshabop o‘yinlardan xoli bo‘lmagan ushbu dam olish kunlari ham futbol muxlislariga yoqib tushsa kerak. Angliyada birato‘la ikkita katta derbi – Liverpul va Shimoliy London to‘qnashuvlari ro‘y bersa, Ispaniya navbatdagi El Klasikoni havola etadi. Italiyada ham o‘ta qiziqarli ikki uchrashuv bor. Shuningdek, bugundan Rossiyada chempionati ham qolgan joyidan davom etishini eslatib o‘tish joiz.

TOTTeNHEM – ARSeNAL (2 mart, 17:30)

Bosim «Tottenhem»ning eng asosiy dushmanidir. Yanvar oyi boshlaridagi «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda Harri Keyn jarohat olgandi. U va Allisiz qolgan Pochettino shogirdlaridan hech kim hech narsa kutmay turgan paytda, jamoa juda kuchli o‘yin namoyish qildi va qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozondi va «Manchester Siti»ga yaqinlashib oldi. Yevropa Chempionlar Ligasida «Borussiya» ham yirik hisobda tor-mor etildi. Keyn qaytgach, ana endi, hamma «taqachilar»ning hatto chempionlik poygasiga aralashishi mumkinligini ayta boshlaganda esa...

Qatorasiga ikki mag‘lubiyat. Avval «Byornli»dan, keyin esa, kattaroq muammolar girdobida qolgan «Chelsi»dan. Bu ikki mag‘lubiyat «Tottenhem»ning ahvolini biroz qiyinlashtirib qo‘ydi. Endi Pochettino turnir jadvalida tepaga emas, pastga qarashga majbur. Zero uch jamoa yaqinlashib kelmoqda va «Tottenhem» hatto kuchli to‘rtlikdan ham tushib ketishi mumkin. Mart oyida «Tottenhem»ni ushbu derbidan tashqari, «Sauthempton» va «Liverpul» maydoniga qiyin safar va yana bir London derbisi, «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Orada Chempionlar Ligasi ham borligini e'tiborga olsak, mavsumning eng muhim pallasi boshlanmoqda, deb bemalol aytish mumkin.

«Arsenal» esa, YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda «Tottenhem»ning raqibi sanaladi va jamoalar o‘rtasidagi farq atigi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. Demak, g‘alaba «Arsenal»ni raqibiga ancha yaqinlashtiradi. Emeri shogirdlari nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi chiroyli, hujumkor va samarali o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, top-o‘yinlarda muammolarga duch kelmoqda. Jamoa ushbu mavsumda faqat «Chelsi» ustidan g‘alaba qozondi xolos, qolgan top-uchrashuvlarda yo mag‘lubiyatga uchradi yoki durang qayd etdi. Safardagi o‘yinlarda «Old Trafford»dagi durang bilan maqtanishi mumkin xolos. Yana bir noxush statistika – «Tottenhem» «Arsenal»ga qarshi uy o‘yinlarida oxirgi 7 o‘yinning 5tasida g‘alaba qozongan. Pochettino murabbiyligi ostida «Tottenhem» o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchramagan.

Tarkiblar borasida «Tottenhm» safida Dele Alli va Dayyer hamon safdan chetda qolmoqda. «Arsenal»ning esa, himoya chizig‘ida muammolar hamon jiddiy. Ektor Bellerin vap Holding uzoq muddatga safdan chiqishgan. Lixshtayner hali mashg‘ulotlarga qaytmadi, buning ustiga jamoa yetakchisi Koselnining ham ushbu o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda.