O‘zbekiston | 16:02 / 26.09.2017
113355
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston avtomobilsozlari O‘zbekiston ustidan vazirga shikoyat qildilar

Foto: Kolesa.kz

Qozog‘iston avtomobilsozlik korxonalari uyushmasi «KazAvtoProm» milliy iqtisodiyot vaziri Timur Suleymenovga O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari haqida tashvish bildirgan maktub orqali murojaat qildi, deb xabar bermoqda EurAsia Daily.

19 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Qozog‘iston avtomobil sanoati unda qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekiston bozoriga chiqishi istiqbollariga tahdidlarni ko‘rgan.

«Ushbu hujjatning matni Qozog‘istonda chiqarilgan avtomobil texnikasi uchun taqiqlangan aksizlar stavkasi har bir kub santimetr uchun 2,4 dollar miqdorida saqlanib qolinishini nazarda tutadi. Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina hududidan avtomobillarni import qilishda bojxona qiymatining 2 foizini tashkil etadigan ramziy aksiz solig‘i ko‘zda tutilgan. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu qaror loyihasi ma'qullanadigan bo‘lsa, O‘zbekiston bozori Qozog‘iston avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun yopiq bo‘lib qoladi, ularning mahsulotlari esa diskriminatsiyaga uchraydi», - deb aytiladi Qozog‘iston avtomobilsozlarining vazirga yo‘llagan maktubida.

Qozog‘istondan avtomobil yetkazib beruvchilar Qozog‘iston va O‘zbekistonning avtomobil jihozlarini yetkazib berishda teng huquqli bo‘lmagan pozitsiyasi deyarli 15 yil davomida saqlanib kelinayotganini ta'kidlashmoqda. 1996 yildan buyon O‘zbekiston avtosanoati korxonalari Qozog‘iston bozoriga 720 mln. dollarlik umumiy summaga ega bo‘lgan 85 mingdan ziyod avtomobilni eksport qildilar. O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda bojxona to‘lovlari va aksizlarga tortilmaydi. Qozog‘iston avtomobil uskunalarini O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish esa nolga teng – kirish qat'iy bojxona-tarif to‘siqlari bilan yopilgani aytiladi.

«Buni teng huquqli tashqi savdo sheriklarining munosabati sifatida baholab bo‘lmaydi. «Bir darvozaga o‘yin»dan o‘zaro manfaatlarni hurmat qilishga asoslangan muloqotga o‘tish vaqti keldi. Biz Qozog‘iston avtomobil sanoati mahsulotlariga nisbatan O‘zbekistonning tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqish va O‘zbekiston bozoriga erkin raqobat tamoyillariga muvofiq kirishni tashkil etishga yordam berish uchun muzokaralar olib borish imkoniyatini topishni so‘raymiz», - deyiladi maktubda.

Shu munosabat bilan Qozog‘iston avtomobil sanoati korxonalari uyushmasi raisi O‘zbekistonga nisbatan javob choralarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Mavzuga oid