Angliya premer-ligasning 7-turida mavsumning eng markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Gvardiola va Konte o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi.
O‘yin oldidan
«Bu «Siti»ni to‘xtatib qolish mumkinmi? — Angliyaning markaziy nashrlari APLning eng markaziy uchrashuvi oldidan eng ko‘p ishlatgan sarlavha aynan shunday ko‘rinish olgandi. Angliyadagi birinchi mavsumni yangi muhitga moslashish uchun sarflab yuborgan va natijada barcha sovrinlarni qurbon qilgan Gvardiola yangi mavsumda chempionlik uchun eng asosiy da'vogar ekanini isbotlab kelmoqda. Oddiy statistik misol «Siti» APLdagi so‘nggi uch urashuvni jami 16:0 hisobida, barcha musobaqalaridagi so‘nggi 6 uchrashuvni esa 24:1 hisobidagi to‘plar nisbati bilan g‘alaba qozongandi. Bu istalgan muxlis-u mutaxassisning e'tiborini tortishi tabiiy edi.
«Manchester Siti» o‘tgan yilni ham xuddi shunday boshlagandi», deb, «Siti»ning bo‘lajak o‘yinlarida pasayish yuzaga kelishiga ishongan Konteda balki bunga asos ham bo‘lgandir. Chunki «Chelsi» ham yaxshi sport formasiga kirib olgandi. Jamoa va nihoyat o‘ziga mos yangi «Drogba», yangi «to‘qqizlik» hujumchi — Alvaro Moratani topgandi. Ispan hujumchisi yangi jamoaga kelib qo‘shilganidan buyon kiritilgan deyarli barcha gollarda bevosita ishtirok etishga ulgurdi. Tarkib ham ancha o‘ziga kelib olgandi Azar asta-sekin formaga kirib bormoqda, birgina David Luiz diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. «Manchester Siti»da bu borada yo‘qotishlar ancha jiddiy edi. Dunyoning eng qimmat himoyachisi Mendi aprelga qadar safdan chiqqan bo‘lsa, Aguero Niderlandiyadagi avariya sabab jamoaga yordam bera olmaydi. Jamoa sardori Vensan Kompani esa deyarli bir oydan maydonga tushmayotgandi.
Konte g‘oyasi
David Luiz safda yo‘qligi natijasida Konte orqa chiziqda sezilarli o‘zgarishlar qilishiga to‘g‘ri keldi. Himoya markazi Keyhill, Ryudiger, Kristensen uchligiga ishonildi. Lateral rolini Aspilikueta va Markos Alonso egalladi, kerak vaqtda Fabregas ko‘proq himoyaga yordamchi vazifasini bajardi.
Kontening asosiy maqsadi maydon markazidagi ustunlikni berib qo‘ymaslikdan iborat edi. Shu maqsadda Bakayoko va Fabregas o‘rtaga joylashtirildi, ammo raqib uslubidan kelib chiqib ular ancha chuqur, himoyaga juda yaqin o‘ynashdi. Jamoaning o‘tgan yilgi chempionligidagi asosiy qurol Ngolo Kante salkam chap qanot vingeri vazifasida ko‘proq ko‘rinish berdi. Albatta vaqti-vaqti bilan Sesk va Kante joy almashib turishdi (1-rasm), ammo vazifa o‘zgarmagandi — «Siti»ga markaz bo‘ylab o‘tkir paslar berishga imkoni bermaslik.

























