1 oktabr kuni Las-Vegasda musiqa festivaliga yig‘ilgan kishilarni o‘qqa tutib, 59 kishini o‘ldirgan va 500dan ortiq kishini jarohatlagan Stiven Peddokning shaxsiy hayoti Meskit shahridagi qo‘shnilari uchun ham sirli bo‘lgan.
Ularning ba'zilari Peddokni ko‘rishmagan ham.
Meskit shahri Las-Vegasdan 145 km masofadagi shaharcha bo‘lib, u yerda asosan yoshi o‘tgan kishilar istiqomat qilishadi.
"Men uni tanimaganman. Men uni ko‘rmaganman ham", degan o‘z nomi sir qolishini iltimos qilgan qo‘shnilardan biri.
"Bu uy hamisha sokin bo‘lardi. Biz ularni "snegirlar" (qishni iqlimi issiq bo‘ladigan hududlarda o‘tkazuvchilar) deb o‘ylardik", deya ma'lumot bergan yana bir qo‘shni.
Peddok ertalab hammadan oldin turgan va jo‘nab ketgan, qo‘shnilar u bilan gaplashishining imkoni bo‘lmagan. Bog‘dagi ishlarni bog‘bonlar bajarishgan. Kurerlar unga pitssani eshik ortidan uzatishgan. Peddok shaharchadagi tadbirlarda hech qachon ishtirok etmagan.
Peddok odamovi bo‘lgan va o‘zi bilan yashab kelgan 62 yoshli Meril Denlidan boshqa hech kim bilan gaplashmagan.
Ayni vaqtda uning qo‘shnilari uylari eshiklariga "Biz uni tanimaymiz" yozuvi tushirilgan taxtachalarni osib tashlashgan.

Peddok otishma olib borgan mehmonxona xonasida, uning Meskitdagi uyida va Nevadadagi u bilan bog‘liq yana bir binolarda o‘tkazilgan tintuvlardan keyin jami 47 dona qurol topilgan. Mehmonxonadan topilgan 12 dona qurolga ularning tez otish darajasini avtomat darajasigacha oshiradigan maxsus qurilmalar o‘rnatilgan.
Soyli miltiq (vintovka), sochma o‘qli ov miltig‘i va to‘pponchalarni Peddok 20 yil davomida Nevada, Yuta, Kaliforniya va Texas shtatlarida sotib olgan.
Peddok ko‘p yillardan buyon ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan firmada boshqaruvchi bo‘lgan. U kazinolarda ko‘p vaqt o‘tkazgan.
U tez-tez kiradigan Starbucks kafesi xodimasi uni o‘ta qo‘polligi uchun yaxshi eslab qolgan. Peddok Denli xonim o‘zi uchun buyurtma qilishiga yo‘l qo‘ymagan va uning uchun o‘zi buyurtma berishi, uning uchun pul to‘lashi haqida aytgan.
“U hamrohini og‘iz ochgani qo‘ymasdi”, - deya eslaydi Starbucks xodimi.
Pitstsa taomlari tarqatuvchi Domino‘s tarmog‘i kurerlari keyingi bir necha oy ichida Peddokka 14 marta pitssa keltirishgan. Ular Peddokni xushmuomala kishi sifatida eslashgan, u xizmatchilarga yaxshigina choychaqa berib turgan.










