Yakshanba oqshomida 2018 yilgi jahon chempionati saralashi o‘yinlari davom ettirildi. Yevropada jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi aniqlandi. Varshavada Polsha Chernogoriyani 4:2 hisobida g‘alaba qozonib, mundialga chiqdi. O‘yinning 85-daqiqasida Robert Levandovski yana gol urdi va Yevropa saralash mintaqasida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi (16 gol). Afrika mintaqasida esa Misr Kongoni mag‘lub etib, muddatidan avval mundial yo‘llanmasini hal qildi.

C guruhi
Germaniya rekord o‘rnatdi

Germaniya – Ozarboyjon – 5:1 (Goretska, 8, 66. Vagner, 54. Ryudiger, 64. Emre Jan, 81 – Sheydayev, 34).

Mundial yo‘llanmasini avvalgi turda naqd qilib bo‘lgan nemislar yarim zaxira tarkibi bilan Ozarboyjonni yirik hisobda mag‘lub etdi.

Germaniya terma jamoasi 2016 yilning mayidan buyon o‘z maydonida ilk marta gol o‘tkazdi. Nemislarning 7 o‘yindan iborat «quruq» seriyasini Ramil Sheydayev to‘xtatdi

Shu bilan birga Germaniya JCh saralashi doirasida qatorasiga 16-uchrashuvda g‘alaba qozondi.

Norvegiya – Shimoliy Irlandiya – 1:0 (Brant, 71, avtogol). 
Chexiya – San-Marino – 5:0 (Krmenchik, 8, 23. Kopits, 27. Novak, 71. Kadlets, 83).

Bu guruhdagi uchrashuvlar amalda hech narsani hal qilmas edi. Chexlar ikkinchi tarkibi bilan San-Marino ustidan osonlik bilan g‘alaba qozondi, ammo chexlar bu natijadan keyin uchinchi o‘rindan ko‘tarilmadi. Shimoliy Irlandiya ham Norvegiyaga qarshi o‘yindan oldin pley-offga chiqib bo‘lganini bilar edi va bu o‘yinda ham intriga yo‘q edi.

E guruhi
Levandovski rekordni yangiladi