Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy terma jamoasining yaqin kunlardagi oʻyinlariga «chaqirilmaslikni afzal koʻrayotgani» haqida CNN Portugal jurnalisti Ruy Santush xabar qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Ronalduning mamlakat futbol federatsiyasi rahbariyatidan koʻngli qolgan. U oʻziga nisbatan «adolatsiz munosabatda boʻlishgan», deb hisoblamoqda, «oʻzini xiyonatga uchragandek his qilmoqda» va «haqiqat u tarafida ekaniga qatʼiy ishonmoqda».

Portugaliya futbol federatsiyasi (FPF) va Krishtianu Ronaldu oʻrtasidagi qarama-qarshilik sentabr oxirlarida oshkora tus oldi. Oyning soʻnggi kuni 41 yoshli hujumchi milliy jamoa yigʻini davom etayotgan bir paytda kutilmaganda jamoa qarorgohini tark etdi. Ronaldu norvegiyaliklarga qarshi oʻyinda yuz bergan voqeadan noroziligini shu tarzda bildirdi. Ushbu uchrashuv futbolchi uchun milliy jamoa safidagi 235-oʻyin boʻlishi mumkin edi. Biroq jamoa sardori zaxira oʻrindigʻida qoldi. Ikkinchi boʻlimda u uzoq vaqt maydon chetida qizib oldi, ammo zaxiradan oʻyinga tushirilmadi.

Oxirgi paytda milliy jamoaga katta foyda keltira olmayotgan Ronalduning yoʻqligi portugaliyaliklarga salbiy taʼsir koʻrsatmadi. Portugaliya Millatlar ligasidagi toʻrtta oʻyinni toʻrtta gʻalaba bilan yakunladi.

Koʻp oʻtmay FPF rahbari Pedru Pruensa va jamoa bosh murabbiyi Jorji Jezush futboldan ham qiziqarliroq boʻlib qolgan ushbu mavzuga yana qaytishdi. Ular murosaga tayyor ekanliklarini bildirib, yulduz futbolchi bilan muzokara oʻtkazishga rozi boʻlishdi.

19-oktabr kuni FPF tomonidan eʼlon qilingan jazo Portugaliya futbol rahbarlarining oʻz afsonasiga nihoyatda yumshoq munosabatda boʻlishining navbatdagi namunasi boʻldi. Krishtianu Ronaldu terma jamoa yigʻinini oʻzboshimchalik bilan tark etgani uchun milliy jamoadan 30 kunga chetlatildi. Bu qoidaga koʻra belgilanishi mumkin boʻlgan eng kam muddat edi. Bundan tashqari, jazo muddati qoidabuzarlik sodir etilgan kundan - 30-sentabrdan boshlab hisoblanishi kerak edi. Bu esa Ronalduning amalda terma jamoadan chetlatilmaganini anglatardi. Chunki Portugaliya milliy jamoasi navbatdagi oʻyinlarini 14 va 17-noyabr kunlari Daniya hamda Uelsga qarshi oʻtkazadi.  Shuningdek, FPF futbolchini 255 yevro jarimaga ham tortdi. Bu summa Ronalduning daromadlarini hisobga olganda (futbolchi «Al-Nassr» klubida haftasiga 4 million yevroga yaqin pul ishlaydi), judayam kulgili. Bunday yumshoq jazo OAVda hazil va masxara mavzusiga aylandi.

Yana bir jihat ham alohida kulgiga sabab boʻldi: FPFning 29 sahifalik qarorida aytilishicha, Krishtianu Ronaldu jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida oʻzining futboldagi xizmatlarini hisobga olishni soʻragan va hatto «rezyumesining nusxasi»ni taqdim etgan. Tartib-intizom qoʻmitasi uning «futbol rivojiga qoʻshgan hissasi»ni hamda «pushaymonligini namoyon etgani»ni yengillashtiruvchi omil sifatida inobatga olgan.