O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Fakultetga tanlov asosida:
yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tagan, sog‘ligining holatiga ko‘ra va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xizmat qilishga yaroqli deb topilgan shaxslar qabul qilinadi.
Tanlov ikki bosqichda (dastlabki va maxsus-professional) o‘tkaziladi. Dastlabki tanlov hujjatlarni o‘rganish, dastlabki suhbat, jismoniy tayyorgarlikni baholash, tibbiy ko‘rikdan iborat. Maxsus-professional tanlov hujjatlarni o‘rganish, tibbiy ko‘rik, kasbiy-psixologik layoqatni baholash va yakuniy suhbatdan iborat.
Fakultetda o‘qish muddati ofitserlar tarkibi xodimlari uchun 6 oy, serjantlar tarkibi xodimlari uchun 5 oy etib belgilandi.
Hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari bitiruvchilariga kasbiy-psixologik layoqatni baholash va yakuniy suhbatda ular to‘plagan umumiy ballning 20 foizi miqdorida imtiyoz bali qo‘shib berilishi belgilandi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) tanishishingiz mumkin.










