Iqtisodiyot | 08:45 / 02.11.2017
7971
2 daqiqa o‘qiladi

Kriptovalyuta bozorining kapitalizatsiyasi 184 milliard dollardan oshdi

Coinmarketcap ma'lumotlariga ko‘ra, kriptovalyuta bozorining umumiy kapitallashuvi yangi rekord o‘rnatdi – u deyarli 185 milliard dollarga yetdi. Shunday qilib, u eng yirik investitsiya banklari Goldman Sachs va Morgan Stanley’ning jami kapitalizatsiyasi bilan deyarli tenglashdi.

Kriptovalyutaning bozordagi qiymati bo‘yicha eng yirigi bo‘lgan bitkoinning (Bitcoin) narxi 6600 dollardan oshib ketib, u ham yangi rekord o‘rnatdi. Uning kapitalizatsiyasi 110 milliard dollardan ortdi.

Yil boshidan buyon bitkoin narxi 800%ga oshdi. So‘nggi kundagi o‘sish esa, dunyodagi derivativlar bo‘yicha eng katta fond birjasi bo‘lgan CME Group joriy yilning to‘rtinchi choragida bitkoinga fyucherslar bilan savdoni yo‘l qo‘yish niyatida ekani haqidagi xabarlar fonida ro‘y berdi.

Bu e'lon kriptovalyutani qonuniylashtirish va uni moliyaviy dunyoda qo‘llash yo‘lida muhim qadam sifatida qabul qilindi, deya ta'kidlaydi Reuters. 

Bitkoin ketidan Bitcoin Cash ham o‘sib bormoqda, u oxirgi kunga nisbatan 8,5 foizga qimmatlashib, 484 dollarga yetdi. Top-20’dagi qolgan kriptovalyutalarning katta qismi bozordagi qiymat bo‘yicha pasayib bormoqda. 

Mavzuga oid