16 noyabrdan boshlab, JCh-2018 uchrashuvlari uchun chipta savdosining ilk bosqichi yakuniy pallaga kiradi. Eslatib o‘tamiz, o‘yinlar Rossiyaning qo‘yidagi 11 shahrida, 12 stadionda bo‘lib o‘tadi: Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Kaliningrad, Qozon, Nijniy Novgorod, Samara, Saransk, Sochi, Rostov-na-Don va Yekaterinburg.

Foto: © RIA Novosti

Avvalo shuni  aytish lozimki, 2018 yilning aprel oylarigacha biletlarni faqat internetda, FIFA sayti orqali sotib olish mumkin.  

16 noyabrdan nima boshlandi?

12 oktabrgacha bo‘lib o‘tgan savdoda faqat qur'a asosida chiptalar taqsimlandi. Qur'a tasodifiy tanlov asosida «baxtli» xaridorlarni belgiladi, tabiiyki, talabgorlarning katta qismi o‘sha bosqichda chipta qo‘lga kirita olishmadi. Chiptalar uchun 3.5 million ariza topshirilgan bo‘lsa, FIFA tomonidan faqat 622 ming kishi tanlandi xolos.

16 noyabr kuni soat 12.00dan boshlab, muxlislar jonli navbat orqali chiptalarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Talabgorlarning haddan tashqari ko‘payib ketishi kutilmoqda, shuning uchun imkoni boricha tezroq harakat qilish talab etiladi. Bu bosqich to 28 noyabrgacha davom etishi ko‘zda tutilgan.

Chiptalar narxi qancha va eng arzon chiptani sotib olish mumkinmi?

Hammasi bo‘lib 4 toifadagi chiptalar mavjud. Har doimgidek, maydonga uzoq-yaqin, qulay-noqulayligiga qarab toifalarga ajratilgan. Xaridorga chipta sotib olmasdan oldin stadionlar sxemasi taqdim etiladi. Shuningdek, oldindan FIFA rasmiy saytiga kirib, mana bu yerda sxemalar bilan tanishib chiqish imkoni bor.

Hozirgi bosqichda birinchi, ikkinchi va uchinchi toifadagi chiptalarni sotib olish mumkin xolos. To‘rtinchi, eng arzon chiptalar faqat Rossiya fuqarolari yoki Rossiyada doimiy istiqomat qiladigan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Aytish mumkinki, bu toifadagi chiptalar yuqorida tilga olingan, oktabr oyida tugagan bosqichda to‘liq sotilib bo‘lingan.

Muayyan stadion uchun chiptalar to‘plamini sotib olish ham mumkin. Turnir davomida bir shaharda yashab, faqat o‘sha yerdagi o‘yinlarni tomosha qilishni istagan muxlislar uchun bu variant qo‘l keladi.