Jahon | 14:01 / 01.12.2017
2786
2 daqiqa o‘qiladi

Vaziyat yengillashmoqda. Indoneziyada vulqon tufayli yopilgan aeroport ishini tikladi

Indoneziya hukumati juma kuni Lombok kurort orolidagi xalqaro aeroport ishini tikladi, u Agung tog‘idagi vulqon uyg‘onishi tufayli avval yopib qo‘yilgandi. Bu haqda port operatori bayonotida aytiladi.

Shu bilan birga, rasmiylar fuqarolik aviatsiyasi uchun vulqon xavfini qizildan to‘q sariq darajaga qadar pasaytirdi. Bu esa Bali va Lombok orollaridagi aeroportlar odatiy rejimda ishlashi mumkin ekanini anglatadi. Vulqonlarni kuzatish bo‘yicha observatoriya bayonotida ko‘rsatilishicha, "otilishning yuqori ehtimoli bilan bezovtaliklar kuzatilmoqda, vulqonning ehtimoliy otilishi kul bo‘lmagan holda yoki uning kichik hajmlarda chiqishi bilan ro‘y bermoqda".

Tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha agentlik rasmiy vakili Sutopo Nugroxoning juma kuni xabar berishicha, tog‘ning yonidagi tumanlar aholisini xavfsiz joyga ko‘chirish ishlari davom ettirilmoqda. Ayni damda vaqtinchalik markazlarga 48 mingdan ko‘proq inson joylashtirildi, hammasi bo‘lib esa xavf hududida yana 100 ming kishi qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi respublika fuqarolariga Indoneziyadagi Bali oroliga Agung vulqoni uyg‘ongani tufayli vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilgandi. O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Bali orolida uyg‘ongan Agung vulqoniga xavfning eng yuqori darajasi berilgan. O‘zbekiston fuqarolariga, shuningdek, Indoneziyaga sayohatni rejalashtirgan turistik kompaniyalarga ushbu vaziyatni inobatga olish tavsiya etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid