Toshkent viloyati hududidan o‘tgan M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 806-871 km.lari oralig‘ida maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar o‘rnatilib, 2018 yil 20 yanvar kunidan sinov tariqasida foydalanilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB KUN.UZ’ga ma'lum qildi.
Ushbu tizim yo‘l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar yordamida ta'minlash, yuqori harakat jadalligi sharoitida yo‘l harakatini nazorat qilish, ishtirokchilarning yo‘l-transport hodisalaridan himoyalanganlik darajasini oshirish, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, qayd etish hamda profilaktika qilish ishlari samaradorligini oshiradi.
Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo‘ljallangan, mazkur maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar qisqa muddatda Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘liga o‘rnatilgan fotoradarlar 2018 yilning fevral oyidan to‘liq ishga tushiriladi. Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda bu qurilmalar sinov tariqasida ishlayotgani sababli jarimalar yozilmayapti.










