Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistondan chiqib ketayotgan ayollardan biri go‘dak farzandining tagligi orasiga salkam 200 gr. og‘irlikdagi 2 dona oltin quymani yashirgancha olib chiqishga uringani fosh bo‘ldi.
Ayolning yonida ham bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 70 gr. og‘irlikdagi zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Respublikadan yashirincha olib chiqishda to‘xtatilgan tillalarning jami qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 450 mln. so‘mni tashkil qildi.
Yana bir holatda O‘zbekistondan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi 14 yoshli qizining egnidagi kiyimlari ostida 40 ming AQSh dollarini yashirib olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslar tomonidan yuz million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekistondan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqishga ruxsat etiladi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom ettirilmoqda.











