Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan mash'um ma'lumotdan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. 12 fevral kuni bir necha axborot nashrlarida Marg‘ilon shahridagi 2-yotoqxonada yashovchi Dilorom Mamirova o‘zini osmoqchi bo‘lgani va uni qo‘shnilari qutqarib qolganligi haqida videolavha tarqaldi.

Ayolning o‘z joniga nima sababdan qasd qilganining sababini aniqlash, bo‘lib o‘tgan voqeaga oydinlik kiritish maqsadida KUN.UZ muxbirlari Marg‘ilon shahriga bordi.

Internet sahifalarida berilgan ma'lumotlardan so‘ng o‘sha yotoqxona haqida salbiy tushuncha shakllangan edi. Borib, ko‘rib, sharoit bilan tanishgach, vaziyat boshqacha ekanligini bildik.

Ilgari iqtisodiyot kolleji yotoqxonasi bo‘lgan bino o‘tgan yilning dekabr oyida 86 ta nogiron va nogiron farzandlari bo‘lgan oilalarga yashash uchun xonadon sifatida bo‘lib berilgan ekan.

To‘rt qavatli bino nogironlarga berilishidan oldin, to‘la ta'mirlangan va xonalarda yashash uchun barcha sharoitlar yaratilibdi. Kirishdagi foye, korridor, zinapoyalar risoladagidek. Har bir oila turadigan ikki xonali turar joyida sanuzel, oshxona to‘la jihozlangani ham bor gap. Bir qarashda turarjoyda barcha qulayliklar yaratilgan.

Lekin, maskanda istiqomat qilayotgan oilalarda hali yechimini kutayotgan muammolar mavjud.

Yotoqxona eshigi oldida turgan ayol muxbir ekanligimizni bilgach, nimagadir ko‘ziga yosh oldi. Bu haqda esa keyinroq bafurja gaplashamiz…

Biz borgan payt o‘z joniga qasd qilganligi haqida xabarlar tarqagan Dilorom Mamirova yashash joyida yo‘q ekan. Bir necha soat kutganimizda ham undan darak bo‘lmadi.