O‘zbekistonda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanmoqda. Ushbu ayyom munosabati bilan Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi. Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqini keltirgan.

Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!

Hurmatli do‘stlar!

Hammamiz orziqib kutgan mana shu go‘zal bahor kunlarida,
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida siz, azizlar bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman. 

Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ana shu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etib, o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishga ijozat bergaysiz. 

Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘'tabar Ona siymosiga ta'zim qilamiz.

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san'at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me'moriy obidalar ayollar sha'niga bag‘ishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e'zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Hech shubhasiz, O‘zbekiston deb atalgan jonajon Vatanimizda har qaysi mard yigit avvalo mehribon onasi, oilasi, farzandlari baxtli bo‘lishini albatta istaydi, hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu yo‘lda o‘zining butun borlig‘ini bag‘ishlashga tayyor turadi.

Bugungi bayramni biz – O‘zbekiston o‘g‘lonlari, mardi maydonlari avvalo, dilimizda, qalbimizda sizlarga bo‘lgan mehr va muhabbatimizni yana bir bor izhor etish imkonini beradigan ayyom, deb qabul qilamiz.