Sport | 16:50 / 08.03.2018
9157
4 daqiqa o‘qiladi

Oldinda Toshkent derbisi. Superligada 2-tur o‘yinlari

Bugun, 8 mart kuni O‘zbekiston Superligasining 2-tur o‘yinlariga start beriladi. Uch kunga bo‘lingan holda o‘tkazilayotgan tur o‘yinlarida bugun 2 uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Olmaliqda AGMK jamoasi «Navbahor»ni qabul qilsa, «Qizilqum» aslida Qo‘qonda bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan uchrashuvning ko‘chirilishi sabab, o‘z uyida «Qo‘qon-1912»ni qabul qiladi.

Markaziy o‘yin
Turning eng markaziy uchrashuvi 10 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Toshkentning ikki jamoasi «Bunyodkor» va «Paxtakor» jamoalari to‘qnashadi. Birinchi turdan so‘ng «Bunyodkor» o‘z uyida g‘alaba qozona olmagach, ketma-ket ikkita uy uchrashuvida ochko yo‘qotmaslik uchun bu uchrashuvga zo‘r berib tayyorgarlik ko‘rayotgani shubhasiz. «Paxtakor» esa 1-turda «So‘g‘diyona» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng bu yurishini davom ettirish maqsadida jiddiy va prinsipial raqibni ham yutishga urinib ko‘radi. Chempionlik uchun kurashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan jamoalar uchun bunday o‘yinlarda g‘alaba qozonish muhim.

OChL oldidan
Osiyo chempionlar ligasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan «Nasaf» va «Lokomotiv» jamoalari 4-tur uchrashuvidan oldin superligada o‘ziga xos tayyorgarlik uchrashuvlarini o‘tkazishi kerak.

«Nasaf» o‘z uyida birinchi tur g‘oliblaridan biri «Buxoro»ni qabul qilsa, «Lokomotiv» Toshkentda asosan «Paxtakor» futbolchilari evaziga tarkibni to‘ldirgan «Metallurg»ni qabul qiladi. «Loko» mavsumni yirik g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, «Metallurg» qariyb 90 foizga yangilangan tarkib bilan o‘z uyidagi dastlabki uchrashuvda ochko yo‘qotgandi.

Tur doirasidagi so‘nggi o‘yin Jizzaxda o‘tkazilishi belgilangan. Unda «So‘g‘diyona» birinchi turda favoritlardan biri bo‘lgan «Nasaf»dan ochko tortib olishni uddalagan «Neftchi»ni qabul qiladi.

Tur voqealari
Turning qaysidir ma'noda futbolga aloqador bo‘lmagan qismlari sifatida konsert shoularini ko‘rsatish mumkin. Stadionlarga muxlislarni qaytarish uchun harakat qilayotgan klublar uchrashuvlardan oldin konsert dasturlarini taklif qilishmoqda. Ularning ichida eng e'tiborlisi bu AGMKning dastlabki uy uchrashuvida Anvar Sanayevni taklif qilishi bo‘ldi deyish mumkin. Yaqin o‘tmishda O‘zbekistondagi istalgan stadionni to‘ldirib konsert berishi bilan tanilgan xonanda sabab balki Olmaliqdagi stadion ham to‘lib qolsa ajabmas.

O‘zbekiston superligasi
2-tur uchrashuvlarining boshlanish vaqti

8 mart (payshanba)
AGMK – «Navbahor». Soat 18:00.
«Qizilqum» – «Qo‘qon-1912. Soat 20:00.
 
9 mart (juma)
«Nasaf» – «Buxoro». Soat 18:00.
«Lokomotiv» – «Metallurg». Soat 20:00.
 
10 mart (shanba)
«Bunyodkor» – «Paxtakor». Soat 17:30. 
 «So‘g‘diyona» – «Neftchi». Soat 20:00.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid