Nihoyat pulli yo‘l qurilishi start oldi
Toshkent-Samarqand pulli avtomagistrali qurilishi boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Toshkent viloyatida qiymati qariyb 2,2 mlrd dollar bo‘lgan mazkur yirik infratuzilma loyihasiga tamal toshi qo‘ydi. Uzunligi 282 kilometr bo‘lgan olti polosali avtomagistral 2030 yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 13 ta tuman orqali o‘tadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi quriladi. Avtomagistral tekis hududlarda soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanish imkonini beradi.
Loyiha ishga tushgach, Toshkentdan Samarqandga safar vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, avtomagistral sutkasiga 60-80 mingta transport vositasini qabul qilish quvvatiga ega bo‘lib, yuk tashish tannarxini 19-24 foizga kamaytirishi kutilmoqda.
Sobiq katta amaldorlar ishi sudda
“O‘zbekneftgaz”ning sobiq raisi Bahodir Siddiqov va yana sakkiz nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi sudga oshirildi. Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, ish bo‘yicha jami 9 nafar ayblanuvchi bor. Ulardan besh nafari qamoqda, to‘rt nafariga garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Dastlabki sud majlisi 24 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida o‘tkaziladi.
Ayblanuvchilar orasida “O‘zbekneftgaz”ning sobiq rahbar va xodimlari, shuningdek, Enter Engineering, Eriell Managment va boshqa kompaniyalar rahbarlari ham bor. Ularga asosan o‘zlashtirish yoki rastrata, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Bu ish prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida “O‘zbekneftgaz”da milliardlab so‘mlik talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qilib, sohadagi korrupsiya holatlarini tanqid qilganidan keyin qo‘zg‘atilgan edi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqovga nisbatan jinoyat ishi sudga oshirildi. Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, ish bo‘yicha 6 nafar ayblanuvchi bor. Ortiqov qamoqda, qolgan to‘rt nafariga garov va munosib xulq-atvorda bo‘lish ehtiyot choralari qo‘llangan.
Ayblanuvchilar orasida bir nechta baholash kompaniyalari vakillari ham bor. Ularga juda ko‘p miqdordagi o‘zlashtirish yoki rastrata, mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda mansab soxtakorligi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Davaktivdagi taftishlar davomida bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasi yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotib yuborilgani aniqlanganini ma’lum qilgan edi.
Ayanchli avariyalar
Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Muruntov konida yirik avtoag‘dargich ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasida ikki nafar ishchi halok bo‘ldi. Hodisa 21 iyul kuni ertalab «CAT-783» rusumli avtoag‘dargich va xizmat avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat avtomobili burilish joyida avtoag‘dargich harakatlanayotgan yo‘lga chiqib ketgan. Oqibatda og‘ir texnika yengil avtomobilni bosib o‘tgan va avtomobilda bo‘lgan haydovchi hamda yana bir ishchi voqea joyida og‘ir tan jarohatlaridan vafot etgan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati ma’lum qilishicha, hodisa sabablarini aniqlash yuzasidan vakolatli davlat idoralari tomonidan maxsus tekshiruv o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bunday baxsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilayotgani bildirildi.
Samarqand shahrida YPX xizmati avtomobili ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasida bir piyoda halok bo‘ldi. Hodisa 21 iyul kuni soat 18:15 larda Samarqand shahrining Shabbod ko‘chasida yo‘l-patrul xizmati xodimi boshqaruvidagi xizmat avtomobili piyodani urib yuborishi oqibatida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu hodisa aks etgan videoni e’lon qildi va qisqa bayonotda “piyoda belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘lgani»ni qo‘shimcha qildi.
Videoda ko‘rinishicha, hodisa piyodalar o‘tish yo‘lagi yaqinida sodir bo‘lgan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 1 foizlik soliq keshbeki tizimini bekor qilishni taklif qildi. Institut direktori o‘rinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, keshbek dasturi dastlab aholida chek talab qilish madaniyatini shakllantirish uchun vaqtinchalik chora sifatida joriy etilgan.
Uning ta’kidlashicha, hozir keshbek to‘lovlarining 80 foizi shundoq ham chek beradigan yirik savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari mijozlariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois har yili byudjyetdan taxminan 150 mln dollar sarflash o‘rniga cheklar uchun yutuqli lotereya tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun oziq-ovqat va dori vositalari xaridida QQSning 12 foizini qaytarish tartibi saqlab qolinishi, ammo uni takomillashtirish rejalashtirilgan. Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 foizlik keshbek uchun ajratiladigan mablag‘ 2026 yilda 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin.














