O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi taxminan 4 oydan beri Ravshan Haydarov boshchilik qiladigan terma jamoani olimpiya terma jamoasi deb atab keladi. Rasmiy saytda bu jamoa doimiy ravishda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi deb yuritiladi.
Bugun xuddi shu tashkilot rasmiy manbasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi vodiyda bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan uchrashuvlari bekor qilingani xabar qilindi:
«O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida Saudiya Arabistoniga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi haqida avvalroq ma'lum qilgan edik. Ammo O‘zbekiston OTJ mart oyida Saudiya Arabistoniga qarshi emas, Keniya U-23 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi», deyiladi rasmiy ma'lumotda.
Qo‘shimcha sifatida O‘FA 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonovning qisqacha izohi keltirilgan. Ahmadjonovning fikricha, Saudiya Arabistoni biz uchun kuchli raqib emas ekan:
«Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa oldiga Tokioda bo‘ladigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ular Olimpiya o‘yinlari saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun kuchliroq raqib bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Saudiya Arabistoniga hurmat saqlagan holda shuni ta'kidlash kerakki, ushbu terma jamoa Osiyo vakili. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa Osiyoda tengsiz ekanini Xitoydagi musobaqada isbotlab bo‘ldi.
Afrika terma jamoalari jismoniy jihatdan ancha baquvvat va kuchli raqib hisoblanishadi, qolaversa, o‘z oldiga Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olish vazifasini qo‘ygan O‘zbekiston OTJ uchun ham bu terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazish ancha qiziqarli va foydali bo‘ladi».
Xo‘p, bunisi tushunarli. Demak Keniya terma jamoasi kuchli deb hisoblashgan. Bunga men ham osongina ishonib ketishim mumkin edi. Yo‘q. O‘zimdagi savollarga javob berish uchun internetni titkiladim va javob topdim. Bugun Keniya U-23 terma jamoasining o‘zagini tashkil qilishi lozim bo‘lgan, Tokio olimpiadasi saralashida qatnashadigan terma jamoa yoshlar o‘rtasidagi JCh-2017da ishtirok etmagan. Ishtirok etish tugul JCh yo‘llanmasi o‘ynaladigan 20 yoshgacha Afrika chempionatiga chiqa olmagan jamoa ekan. Taqqoslash uchun aytaman. Bugungi Saudiya Arabistoni U-23 terma jamoasi bir yil oldin o‘sha jahon chempionatida ishtirok etgan. Nafaqat ishtirok etgan, balki nimchorak finalga qadar yetib borgan va u yerda keyinchalik yarim finalgacha yetib borgan Urugvay terma jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Biz kuchli deb qarayotgan Keniya terma jamoasi esa mundialga chiqish tugul, saralash vazifasini o‘taydigan qit'a chempionatiga ham chiqa olmagan. Tasavvur qilib ko‘rdingizmi qanday kuchli terma jamoa bilan o‘ynayotganimizni?

















