21 mart kuni Moskva viloyati, Volokolamsk shahridagi markaziy shifoxonaga turli maktablardan 50 nafardan ortiq bola olib kelindi. Ular o‘zlarini juda yomon his qilar, ko‘ngli aynib qusar va burunlaridan qon ketardi. Moskvadan 100 kilometr masofada joylashgan, 20 ming kishi istiqomat qiladigan bu shahardagi № 2 maktabning 23 nafar o‘quvchisi shoshilinch tarzda shifoxonaga yotqizildi. Avvaliga ular maktabda gaz ballonidan gaz sizib chiqishi oqibatida zaharlangani tusmol qilingandi. Kunning ikkinchi qismida shahar shifoxonasiga bosh aylanishi va qusishdan shikoyat qilayotgan yana 34 nafar maktab o‘quvchisi murojaat qildi.

Volokolamsk shahri meri Petr Lazarev RBK uchun bergan intervyusida bolalarning ahvoli og‘irligi haqida ma'lumot berdi: «Vaziyat juda og‘ir. Bolalar maktablardan o‘nlab tez tibbiy yordam mashinalarida olib kelinmoqda. Qabulxona ota-onalar bilan to‘lgan, ular bolalarga aniq tashxis qo‘yilishini talab etishmoqda. Vrachlar bu zaharlanish ekanini aytishmoqda».
Mahalliy aholi vakillari bolalarning ahvoli yomonlashishini «Yadrovo» poligoniga tashlangan chiqindilardan tarqalgan gaz bilan bog‘ladi (poligon shahardan 3,3-4 km masofada). Volokolamsk tumani ma'muriyati 21 mart kuniga o‘tar kechasi katta miqdordagi gaz chiqindilari tarqalganini tasdiqladi. Tuman hokimiyati matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea joyida operativ shtab faoliyat olib bordi va xavf manbalari bartaraf etildi.

Foto: ©RIA Novosti/Maksim Blinov
Hokimiyat 21 mart kuni bolalarga maktablarga va bog‘chalarga bormaslikka ruxsat bergan. Mahalliy aholi vakillari ish joylarida niqob taqqan holda o‘tirishga to‘g‘ri kelganini ma'lum qilgan.
Tez orada shifoxona atrofida 200dan ortiq kishi to‘plandi, ular shifokorlar aniq tashxis qo‘yishini, «Yadrovo» poligoni yopilishini talab qila boshlashdi.

«Meduza» nashrida yozilishicha, hokimiyat vakillari shifokorlarga bosim o‘tkazib, «bolalarning zaharlanishini poligon bilan bog‘lamasdan tashxis qo‘yishni» talab etishgan.















