Maktabda o‘qigan vaqtlarimizda ona tilidan dars beradigan domlamiz insho yoki shunga o‘xshash yozma ishlarni g‘ij-g‘ij xatolar bilan yozadigan «ikkichilar»ni qoyiganda doim ishlatadigan bir gapi bo‘lardi. «Daftaring qizg‘aldoqzor bo‘lib ketdi-ku, baraka topgur». Yozilgan insholardagi, diktantlardagi xatolar qizil ruchka bilan to‘g‘rilanar, azbaroyi tuzatishlarning ko‘pligidan daftar qip-qizil bo‘p ketardi. Xuddi uyatdan qizargandek. O‘sha vaziyatni domlamiz yaxshi o‘xshatish qilardi.
PFL musobaqalaridagi taqvimda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida o‘qisam, doim o‘sha ona tili darsi esimga tushaveradi. Har safar, bo‘ldi, endi shu safargisi oxirgisi bo‘lsa kerak, deb o‘zimni ishontirishga harakat qilaman. Yo‘q, tugamaydi. To‘xtamaydi. Odamlar o‘zgaradi, xodimlar o‘zgaradi, mas'ullar o‘zgaradi. Lekin shu PFL hech o‘zgarmaydi. Endi o‘zgarsa kerak deb kutganingda yangi tomoshalar, «qizil ruchka ko‘targan domlalar» chiqaveradi.
Biroz muqaddam ma'lum bo‘ldiki, O‘zbekiston superligasidan o‘rin olgan AGMK (aytgancha, bu nomni yuqorida eslagan ona tilimizga daxli yo‘q) va «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yinlari sabab boshqa muddatga qoldirildi. Albatta, bunisi tushunarli. «Lokomotiv» FIFA kunlarida 7 nafar futbolchisi band bo‘lganida o‘yinni qoldirishni so‘rashi tabiiy holat va reglament, qoidalar bo‘yicha ular 100 foizga haq. O‘zini hurmat qilgan jamoa bunday paytda haqini talab qilib oladi. Lekin nega endi PFL buni oldinroq o‘ylamagan. Taqvim tuzilishidan oldin bu holat oldi olinmagan?
Keling eslaymiz. 2017 yilning 13 dekabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi Marokash terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ma'lum qilingandi. O‘sha kuniyoq o‘yin 27 mart kuni, uzoq Shimoliy Afrikada bo‘lib o‘tishi rasmiy manbada aytilgan. Bu degani hali hozirgi superligada hattoki qaysi jamoalar ishtirok etishi ham ma'lum bo‘lmagan paytlar edi. Superligida jamoalar soni qisqarishidan boshqa hech narsa aniq emasdi. Na uning formati, na uning o‘tkazilishi tartibi (necha davrali, nechta turdan iborat bo‘lishi va hokazo) ma'lum emasdi. Yangi mavsum haqida tasavvurlarimiz eng mavhum holatda bo‘lganida biz JCh ishtirokchisi bo‘lgan terma jamoa bilan o‘ynashimiz haqida bong urib maqtangandik. PFL bu orada superliganing bitta formatini tanlab, boshqasiga o‘zgartirishga ham ulgurdi. Jamoalar sonini e'lon qildi. Qur'a tashlandi va taqvim belgilandi. Bu ishlarning barchasi Marokash bilan o‘yin aniq bo‘lganidan 2 oydan ko‘proq vaqt o‘tganidan keyin sodir bo‘ldi. Yangi formatdagi superliga taqvimi chiqarilayotganda Senegal bilan, Marokash bilan ham o‘yinlarimiz muddati aniq bo‘lib ulgurgandi. Xo‘sh, endi savol tug‘iladi: bizga «ishlavommiz-ku», deydiganlarning ishi shumi? Ikki oy oldin aniq bo‘lib ulgurgan FIFA kunining bandligini bilib turib ham o‘sha o‘yin bilan bir kun oraliqda o‘yinlarni qo‘yish «ishlash»mi?












