O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni va «Obod qishloq» dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

Eng avvalo, respublikamiz aholisining salkam yarmisi qishloq hududlarda yashab kelayotganligi hamda ularning fidokorona mehnati, dehqon, fermer, chorvador va mirishkorlarning sa'y-harakatlari natijasida dasturxonimiz mo‘l-ko‘l bo‘layotgani «Obod qishloq» dasturining qabul qilinishida asosiy omil bo‘lganligini ta'kidlab o‘tish zarur.

So‘nggi yillarda viloyat va tumanlar markazlarida obodonlashtirish va markaziy ko‘chalarning me'moriy qiyofasini yangilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qishloq aholisi uchun yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilayotgani, xususan 2017 yilda qishloq joylarda18 mingdan ortiq oila uchun ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasiga ega shinam uylar barpo etilgani shular jumlasidan.

Ammo tashriflar davomida olis va chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholidan kelib tushayotgan haqqoniy e'tirozlar va murojaatlar shundan dalolat beradiki, aholining uy-joy va maishiy sharoitlarini yaratish borasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.

Jumladan, mahalliy hokimliklar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlarining mas'uliyatsizligi oqibatida uy-joy fondi yillar davomida ta'mirlanmasdan, tom qismlari va tashqi qiyofasi mutlaqo talabga javob bermaydigan ahvolga kelib qolgan.

Bundan tashqari, qishloq aholi punktlarida elektr tarmoqlari va transformatorlardagi avariyalar elektr ta'minoti tarmoqlarida ko‘plab uzilishlarni keltirib chiqarmoqda, shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarining yetishmasligi kuzatilmoqda.

Keyingi dolzarb muammolardan biri shuki, hududlarda avtomobil yo‘llarini ta'mirlash va saqlash ishlari sifatsiz olib borilmoqda, ichimlik suvi quvurlari va inshootlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan hamda oqova inshootlari sanitariya talablariga javob bermaydi.

Yana shuni ta'kidlash zarurki, aholining ayrim qismi shunday ahvolga ko‘nikkani, boqimandalik kayfiyatiga berilgani natijasida o‘zining uy-joyi, hovlisi va tomorqasini saqlashga e'tibor qaratmay qo‘ygan.

Mazkur ishlar sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘g‘inlari e'tiboridan chetda qolgani yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarning asosini tashkil etadi.