O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat bilan Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari sohasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida klaster usulini yaratishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba yo‘lga qo‘yilgani ma'lumot uchun qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tumanlar hokimliklari joriy qishloq xo‘jaligi yilidan boshlab:
meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to sotishgacha bo‘lgan belgilangan jarayonni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi yagona yoki o‘zaro bog‘liq korxonalar guruhi doirasida;
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo‘jaligi yumushlarini tashkil qilish uchun ekish materiali, avans to‘lovlarini taqdim etuvchi va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotni kelishilgan narxlarda sotib oluvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi korxonalar, qayta ishlovchilar, eksport qiluvchilar o‘rtasida kafolatlangan shartnomalar asosida "urug‘-ko‘chat-mahsulot yetishtirish-tayyorlash-saqlash-qayta ishlash-transportirovka qilish-bozorga yetkazish" tamoyili bo‘yicha uzluksiz zanjirni shakllantirishni ko‘zda tutuvchi meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.T.Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari tegishli tartibda chigitdan bo‘shagan yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishda:
logistika markazlari (meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash bo‘yicha quvvatlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi), shuningdek, ichki va tashqi bozorda meva-sabzavot mahsulotlarini sotish tajribasiga ega;
zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va intensiv bog‘lar yaratish va ulardan foydalanish tajribasiga ega;
qo‘shimcha qiymatlar zanjiri bo‘yicha klaster usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun shaxsiy va jalb qilingan moliyaviy mablag‘lariga ega;
meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, jumladan eksport qilishni tashkil qilish, zamonaviy resurs va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish vazifalarini o‘z zimmasiga oladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlariga (o‘zaro bog‘liq korxonalar guruhiga) birinchi navbatda yerdan uzoq muddatli ijara shartlarida foydalanish huquqini taqdim etadi.








