O‘zbekiston | 15:17 / 31.03.2018
11712
4 daqiqa o‘qiladi

Frantsuz turoperatorlari delegatsiyasi Parijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Samarqandga uchib keldi

Foto: KUN.UZ

31 mart kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining Parij – Samarqand reysi bilan mamlakatimizga Fransiyaning "Il-de-Frans" (EDV) hududi turistik agentliklari ittifoqi vakillaridan iborat delegatsiya turizmga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etish uchun yetib keldi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri Samarqanddan.

Turistik konferensiya 31 martdan 3 aprelgacha Samarqand va Buxoroda bo‘lib o‘tadi.

Frantsuz turoperatorlarini Samarqand xalqaro aeroportida karnay-surnay sadolari ostida, non va shirinliklar bilan shahar ma'muriyati, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi a'zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari qarshi olishdi.

Mamlakatimizda har yillik EDV turistik forumi va info-tur o‘tkazilishi borasida kelishuvga «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va "Il-de-Frnas" hududi turagentlari ittifoqi prezidentining o‘tgan yilning sentabr oyida Parijda o‘tkazilgan uchrashuvida erishilgan edi. 2017 yilning oktabrida EDV rahbariyati «O‘zbekiston havo yo‘llari» tomonidan uyushtirilgan info-tur bilan O‘zbekistonda mehmon bo‘lib ketishgan edi.

Leonel Robe, Assotsiatsiya prezidenti:

— Bir necha oy burun O‘zbekistonga kelib ketgandik. Assotsiatsiya rahbari sifatida O‘zbekistonning turizm bo‘yicha yo‘nalishi bizning tashkilotning rivojlanishiga yangi turtki bo‘ldi. Biz fransiyaliklarning O‘zbekistonga kelishimiz katta orzu edi. Chunki bu yerda Samarqand va Buxoro singari afsonaviy shaharlari bor. Biz Samarqandni Buyuk Ipak yo‘lining yuragi deb tan olganmiz. Samarqandda yuzdan ortiq tur firmalar bor. Ular bilan hamkorlikda ishlash va uni kengaytirish imkoniyatlari bor. Bu kabi tashkil etilgan tadbir uchun Samarqand shahar hokimligi, «O‘zbekiston havo yo‘llari»ga minnatdorchilik bildiramiz. Bizni ochiq ko‘ngil, chin dildan kutib olishdi.

EDV’ning navbatdagi konferensiyasida Fransiyaning turizm sohasida ishlayotgan 100 dan ortiq mutaxassis — "Il-de-Frans" hududi turagentlari vakillari (Kuoni, Salaun, Club Med, Verdie Voyages), hamkorlik kompaniyalar (Amadeus, Hertz, Avis, i t.d.), Fransiyaning ommabop OAVlari jurnalistlari (Le Figaro, Tourism TV, Echo Touristique, Le Quotidien du Tourisme), shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi turistik kompaniyalari va agentliklari ishtirok etadi.

Bu turistik forum uning doirasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga uyushtirilayotgan info-tur respublikamizning turistik salohiyati va milliy aviatashuvchining Fransiya turistik xizmatlari bozorida ilgari surish borasida tashlangan yana bir qadam bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK O‘zbekiston va Fransiya poytaxtlari o‘rtasida muntazam yo‘lovchi reyslarini, shuningdek, Parijdan tarixiy Samarqand va Urganch shaharlariga qatnovlar amalga oshirmoqda. 

"Il-de-Frans" — Fransiyaning gullab-yashnayotgan iqtisodiyoti, madaniyati va kuchli turistik salohiyatiga ega eng farovon hududidir. Uning hududida 900dan ziyod turistik agentlik faoliyat ko‘rsatadi.

O‘z muxbirimiz.

Fotolarni Baxtiyor Mustanov suratga olgan.

Mavzuga oid