O‘zbekiston | 02:00 / 14.04.2018
14569
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ajratiladigan arzon uy-joylarning har yilgi hajmi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga arzon uy-joylar imtiyozli ipoteka kreditlari asosida belgilangan tartibda tuman (shahar)lar toifasidan kelib chiqib, har yili quyidagi hajmda ajratiladi:

I toifaga kiradigan tumanlarda — bittadan ikki, uch qavatli uylardagi xonadonlardan (2-3 xonali) va beshtagacha hovlidagi imoratlari bilan, 0,02 gektarli yer uchastkalarida 2-3 xonali bir qavatli uy-joylardan;

II toifaga kiradigan tumanlarda — ikkitadan ikki, uch qavatli uylardagi xonadonlardan (2-3 xonali) va sakkiztagacha hovlidagi imoratlari bilan, 0,02 gektarli yer uchastkalarida 2-3 xonali bir qavatli uy-joylardan;

I toifaga kiradigan shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida — oltitagacha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan (2-3 xonali);

II toifaga kiradigan shaharlarda — o‘ntagacha ko‘p qavatli uylardagi xonadonlardan (2-3 xonali);

Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga ko‘p qavatli arzon uylarning birinchi va ikkinchi qavatlaridan xonadonlar ajratiladi.

Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar uchun beriladigan arzon uy-joylar qiymati to‘lovining:

  • 25 foizi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida);
  • 75 foizi ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga moliyalashtiriladi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid