Xitoy rahbari Si Jinping Hindistonda boʻlib oʻtgan BRIKS sammitida kechki ovqat tadbirida qatnashmadi. Shundan soʻng, Vashingtonga tashrifi arafasida uning sogʻligʻi xavotir uygʻotdi, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ) manbalarga tayanib.

Ularning soʻzlariga koʻra, shu oy boshida Si oʻzini yomon his qilgani sababli Nyu-Dehlida yetakchilar ishtirokidagi kechki ovqatda qatnashmagan - Xitoy raisi «soʻnggi daqiqada» tadbirda ishtirok etishdan voz kechgan. Uning oʻrniga kechki ovqatda Xitoyning tashqi ishlar vaziri Van I hozir boʻlgan.

Hindistonning Press Trust agentligi manbalarga tayanib, Si Jinping «dam olish uchun mehmonxona xonasiga qaytganini» daʼvo qildi. Biroq WSJ suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, Xitoy raisi oʻzini yomon his qilgan.

Si Jinpingning kechki ovqatda ishtirok etmagani Xitoyning 73 yoshli yetakchisi qanchalik sogʻlom ekani va Pekin uning AQShga safari oldidan ahvoli haqida biror narsa aytishga tayyormi, degan savollarni keltirib chiqardi, deb yozdi WSJ. Shu bilan birga, Xitoy raisi jiddiy kasal ekaniga hech qanday dalil yoʻq.

Gazetaning aniqlik kiritishicha, soʻnggi bir necha yil ichida Sining ahvoli haqida savollar tugʻdirgan bir nechta epizodlar boʻlgan, ammo bularning hech biri «tashxis emas».

Si Jinpingning Vashingtonga rasmiy tashrifi 24-sentabr kuni boshlanadi - bu Xitoy rahbarining 10 yildan ortiq vaqt ichida AQShga ilk safari boʻladi. Sammitda u va AQSH prezidenti Donald Tramp, xususan, sunʼiy intellekt, Eron, Tayvan va savdo masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.