Nukus, Qarshi, Andijon va Namanganda ham jamoat transportida yo‘lkira narxi oshishi kutilmoqda. Bu haqda viloyat hokimliklarining O‘zbekiston Respublikasi noormativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi saytiga qo‘ygan «Shaharda yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar tashish haqining yangi tarifini belgilash to‘g‘risida»gi qarori loyihalarida so‘z bormoqda.
Hujjat loyihasida ta'kidlanishicha, yo‘lkira tariflarining oshirilishiga Moliya vazirligining 2018 yil 12 apreldagi xati asos qilib olingan.
Namangan viloyat hokimligi tomonidan kiritilgan qaror loyihasiga ko‘ra, Namanganda 2018 yilning 1 may sanasidan e'tiboran jamoat transportida yo‘lkira haqi 1000 so‘m etib belgilanadi. Hozirgi vaqtda Namanganda avtobuslarda yo‘lkira haqi 500 so‘mni tashkil etmoqda.
Qashqadaryo viloyat hokimligi tomonidan kiritilgan qaror loyihasiga ko‘ra, Qarshi shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar tashish xizmatlarining cheklangan tarifi «Damas» rusumli avtotransport vositalari uchun yo‘lkira haqi bir yo‘lovchi uchun 1500 (bir yarim ming) so‘m, «Isuzu» avtobuslariga 1000 (ming) so‘m etib belgilanishi, ushbu qaror hokimlikning qashqadaryo.uz rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin hamda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinishi va rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirishi belgilanmoqda.
Andijon viloyat hokimligi tomonidan kiritilgan qaror loyihasiga ko‘ra, Andijon shahar hududida faoliyat ko‘rsatayotgan avtobus yo‘nalishlari uchun yo‘l kira narxlari 1000 so‘m etib belgilanadi. Andijon shahar hududida faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari uchun yo‘l kira narxlari 5 kilometrgacha bo‘lgan masofa uchun — 1000 so‘m miqdorida; 5 kilometrdan yuqori bo‘lgan masofa uchun – 1500 so‘m etib belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan kiritilgan qaror loyihasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar tashish xizmati bir martalik avtobusda yo‘lovchilarni tashish xizmati tarifi 900 so‘m va yo‘nalishli taksida yo‘lovchilarni tashish xizmati tarifi 1000 so‘m miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan.















