Diana Yenikeyeva ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmatining Kun.uz saytiga bergan xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tegishli sud jarayonlari o‘z yakuniga yetgan va aybdor deya topilgan mansabdor shaxslar hamda «Kamaz» haydovchisi tegishli javobgarlikka tortilgan.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyat sudining 2018 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Musoxon Najmitdinovich Muzaffarov hamda Kattaqo‘rg‘on tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Alisher Saloxiddinovich Jumanazarov Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bo‘yicha (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) aybdor deb topilgan.

Aybdor deya topilgan ikkala mansabdor shaxsga ham Jinoyat kodeksi 45-moddasini qo‘llab, 1 (bir) yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining 2018 yil 1 maydagi hukmiga ko‘ra, davlat raqam belgisi 30Y275JA bo‘lgan «Kamaz» rusumli yuk avtomashina haydovchisi Akromjon Bozorovich Elmurodovga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismiga asosan 3 (uch) yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 6 (olti) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchi A.Yenikeyev (Diananing otasi – tah.) tomonidan kiritilgan da'vo arizasi qisman qanoatlantirilib, A.Elmurodov hisobidan jabrlanuvchi A.Yenikeyev foydasiga 19 mln 782 ming 500 so‘m moddiy hamda 25 mln so‘m miqdorida ma'naviy zararlar undirish belgilangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, jinoyat ishining Samarqand viloyat IIB IQXB xodimlariga oid qismi alohida ajrim bilan material tariqasida ajratilib, tuman prokuraturasiga yuborilishi belgilangan.

Sud hukmlarida aybdor deya topilgan shaxslarning harakatlari batafsil bayon qilingan. Xususan, Musoxon Muzaffarov 2017 yil 18 mart kunidan 2018 yil 6 aprel kuniga qadar Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelib, hokimiyat vakili sifatida tashkiliy-boshqaruv vazifalarini amalga oshiradigan mansabdor shaxs bo‘la turib, o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqib, 2018 yil 13 va 14 mart kunlari Kattaqo‘rg‘on tuman hokimiyati binosida tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Alisher Jumanazarovga tumanda faoliyat olib boruvchi 98ta maktab va 12ta kasb-hunar kolleji direktorlariga ular rahbarlik qiluvchi o‘quv muassasalarining o‘qituvchi va texnik xodimlarini Kattaqo‘rg‘on tumanining «Alijon», «Olmazor», «Navbahor», «Zarqo‘rg‘on», «Zarafshon», «Qoradaryo», «Yakkabog‘» mahallalari hududidan o‘tuvchi, jami uzunligi 14 km bo‘lgan M-37 «Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi» avtomobil yo‘lining qatnov qismi va atroflarida obodonlashtirish ishlarini bajarishga jalb qilish, har bir maktab va kollejga hududlarni taqsimlab berish, avtomobil yo‘lining chetlarini begona o‘tlardan tozalash, daraxtlarni va yo‘lning qatnov qismini ikkiga bo‘luvchi beton to‘siqlarni oqlash haqida o‘quv muassasalarining mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgan.