Bugun, 14 may kuni Sochi shahrida X "ATOMEKSPO" xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. Tadbirda qatnashayotgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, forumning joriy yildagi mavzusi - "Global hamkorlik - umumiy muvaffaqiyat".
"Yubiley forumimiz mavzusi - "Global hamkorlik - umumiy muvaffaqiyat" va bu juda to‘g‘ri, chunki hamkorlik, kooperatsiya, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish barchamizga atom energiyasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan yashil generatsiya pozitsiyalarini mustahkamlab, birga rivojlanish va olg‘a qadam tashlash imkonini beradi
Qadrli do‘stlar! Bu yil ATOMEKSPO yubiley forumi Sochidagi noyob maydon - Olimpiya obektlari orasida bo‘lib o‘tmoqda. Ishonchim komilki, bu joyga o‘zgacha ruh bag‘ishlovchi rekord va g‘alabalar bizning hamkorlikdagi faoliyatimizga yangicha nafas bag‘ishlaydi!", - dedi "Rosatom" bosh direktori Aleksey Lixachyov yubiley forumning ochilish marosimida.
ATOMEKSPO forumi dasturida 20 dan ortiq ishchi doiralar muhokamasi va sessiyalar o‘tkazilishi kutilmoqda, ularda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 200 dan ziyod ekspert chiqish qiladi. Ishtirokchilar yadroviy texnologiyalar qo‘llanuvchi barcha sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha dolzarb masalalarni ko‘rib chiqishni boshlashdi. Ta'kidlash joizki, bunda AESlarni qurishda xalqaro hamkorlik, raqamli texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar, kadrlarni tayyorlash, infratuzilmalarni rivojlantirish va xavfsizlikni ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek forum doirasida strategik hamkorlik va loyihalarni rivojlantirishga doir qator muhim hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
"ATOMEKSPO" maydonida birinchi marta "Rosatom" davlat korporatsiyasi va "MAGATE"ning atom energiyasidan foydalanish menejmenti bo‘yicha III hamkorlik maktabi o‘z ishini boshlaydi.
Forumning alohida e'tiborga loyiq tadbirlaridan biri - atom sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan va atom energiyasidan insoniyat manfaati yo‘lida foydalanuvchi yetakchi kompaniyalarga ATOMEXPO AWARDS xalqaro professional mukofotini topshirish marosimi bo‘ladi.







