O‘zbekiston | 13:20 / 20.05.2018
80686
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Andijon viloyati hokimi faoliyatiga qanday baho berdi?

19 may kuni Ulug‘nor tumani hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari yig‘ilish davomida Andijonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarda viloyat hokimining mehnati katta ekanligiga to‘xtaldi, deya xabar beradi tadbirda ishtirok etgan «Kun.uz» muxbiri.

«Bugun Andijon viloyati hokimi bilan ko‘p gaplashdim. Menga bir narsa ma'qul bu hokimda, sizlar shuni bilingki, men masala qo‘ygan odamni juda hurmat qilaman. Masala qo‘yishni bilgan odam 50 foiz muvaffaqiyatga erishadi degani.

Fursatdan foydalanib aytib o‘tmoqchiman — men hokimdan roziman. Shuhrat Qo‘shoqboyevich o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni qo‘lidan kelganicha bajarishda O‘zbekiston hokimlari orasida oldingi qatordagilardan biri desam, adashmagan bo‘laman. Bu ham Andijon xalqining baxti.

Men viloyatdagi ishlarni ko‘rib, hokimning kuyganini ko‘rib aytyapman. Bugun kun davomida 50 ta masala qo‘ydi, har birining ostida kamida 5 milliardlik sarmoya yotibdi. Shuhrat Qo‘shoqboyevich mana shunday faol safdoshimiz, men eng ishongan hokimlardan biri. Men buni yuragimdan aytyapman», deydi prezident.

Prezident 20 may kuni ham Andijon shahrida bo‘lib, bir qator ijtimoiy obektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishi kutilmoqda.

Mavzuga oid