18:29 / 22.05.2018
13025

“Barselona-1992” chempioni O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi prezidenti etib saylandi 

Bugun, 22 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil qilindi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda yengil atletika sportining rivojiga qo‘shgan hissasi, qolaversa sohadagi tajribasi va ko‘p yillik mehnati inobatga olinib, Andrey Hakimovich Abduvaliyev nomzodi federatsiya prezidentligiga ilgari surildi. Delegatlar bir ovozdan A.Abduvaliyev nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Andrey Abduvaliyev O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining yangi rahbari etib saylandi.

Ma'lumot uchun, Andrey Abduvaliyev 1966 yilda tug‘ilgan. MDH birlashgan terma jamoasi safida 1992 yilgi Olimpiya o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgan. 2000-2012 yillar davomida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining bosh kotibi lavozimida faoliyat olib borgan.

Mamlakat yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi sifatida faoliyat yuritib kelgan Kamoliddin Nurmuhammedov esa lavozimiga qayta saylandi. Yangi rahbariyat oldiga mamlakatimizda sportning ushbu turini rivojlantirish, oldinda turgan nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli natijalar qayd etish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurxon Nafasov O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasiga prezident bo‘lgani xabar qilingandi.

 

Mavzuga oid
Top