O‘zbekistonning elektroenergetika sohasini isloh qilish doirasida hukumat mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga doir tarixiy qaror qabul qildi. Bugunga kelib atom energetikasi elektr energiyasini juda katta ko‘lamda, hech qanday tabiiy-iqlimiy cheklovlarsiz ishlab chiqarishga qodir yagona muqobil texnologiya hisoblanadi. Eng asosiysi, u mamlakat iqtisodiyotini uzluksiz arzon energiya bilan ta'minlay oladi.  

O‘zbekiston hukumati innovatsiyalarni tatbiq qilib, an'anaviy energiya manbalarini modernizatsiyalashtirib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) loyihalarini amalga oshirib, shuningdek atom energiyasiga doir rejalarni hayotga tatbiq qilib, energetik muvozanatga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan. 25 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Elektr energiya sohasidagi islohotlar va uning istiqbollari - orttirilgan tajriba, xulosalar va rad etilgan afsonalar" nomli xalqaro konferensiyasi doirasida shu haqida so‘z bordi. 

Foto: O‘zbekenergo

"O‘zbekiston Respublikasining energetika rivojiga qaratilayotgan alohida e'tibor, Markaziy Osiyo va xorijiy mamlakatlar energotizimi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik samarasi o‘laroq, mamlakatda energotizimni isloh qilish, energosamaradorlikni oshirish, elektr energiyasi tannarxini pasaytirish va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga chiqishiga doir innovatsion rivojlanish tamoyillari va o‘zaro manfaatli iqtisodiy foydalarga asoslangan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda", - dedi "O‘zbekenergo" AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev. 

U asosiy e'tibor energetika tizimiga elektr energiya ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i xarajatini kamaytirish imkonini beruvchi innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishga qaratilayotganini ta'kidladi.

"Elektr energiyasini ishlab chiqarish diversifikatsiyasi ekotizimni yaxshilaydi. Natijada eng kam xarajatlar bilan barcha iste'molchilarning elektr ta'minoti sifati yaxshilanadi", - dedi Mustafoyev.

Foto: O‘zbekenergo

Shu o‘rinda u xalqaro moliyaviy institutlar, shu jumladan Osiyo taraqqiyot banki, Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya bilan hamkorlikning muhim rolini qayd etib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston hukumati xorijiy loyihalar soni (11 mamlakatda 35 energoblok) bo‘yicha global texnik yetakchi hisoblangan RFning "Rosatom" davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda tinchlik atomi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish rejalari haqida ma'lum qilgandi.