Tahririyatimizga Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspektori S.Q.Quvvatov tomonidan Toshkent shahridagi tashkilotlardan birining rahbariga nisbatan chiqarilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror kelib tushdi.
Diqqatimizni tortgan narsa mazkur qaror qabul qilinishining qonuniyligi emas, balki uni yozishda yo‘l qo‘yilgan xatolar (grammatik, stilistik, orfografik, qonunchilik texnikasi va hokazo) bo‘ldi.
Sinchiklab tekshirib chiqilganda A4 formatdagi bir betlik qarorning o‘zida oz emas, ko‘p emas naq 113ta xato mavjudligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Davlat mehnat huquq inspektori o‘z qarorida amaldagi qonun hujjatlari normalariga havola keltirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan.
Jumladan, Davlat mehnat huquq inspektori faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjatlardan biri: «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat, aholini ish bilan ta'minlash va mehnatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 29-sonli qarori» S.Q.Quvvatov tomonidan quyidagicha talqin etilgan:
«O‘zb Resp Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliging Davlat mehnat huquq inspeksiyasi to‘g‘risidagi 2010 yil 19 fevraldagi 29-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomi» ... (Izohga hojat yo‘q).
Xuddi shunga o‘xshash holatni Samarqand viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspektori M.Norboyev tomonidan viloyatdagi tashkilotlardan biriga nisbatan rasmiylashtirilgan qarorda ham uchratish mumkin.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, hujjatda «Samarqand viloyat Bandlik bosh boshqarmasi»ning nomi buzilgan holda ifodalanib, «Samarqand viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari Bosh boshqarmasi» deb yozilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘g‘risida»gi Nizomda tashkilotning viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmasi nomlarida «va mehnat munosabatlari» so‘zlari mavjud emas.















