Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarimizning zamonaviy bilimli kasb hunar egallashi, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishi bosh ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu ma'noda, mustaqillik yurtimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Ona Vatanimizning ertangi kuni uchun munosib hissa qo‘shishni istagan o‘g‘il-qizlar bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, o‘z maqsadlari, kelajak orzulari sari dadil odimlayaptilar.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil
16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosidan kelib chiqib, 2017 yil 1 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllariga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali test sinovlarisiz amalga oshirilishi belgilandi. Aytish kerakki, bu imkoniyat mamlakatimiz yoshlarining o‘z intilishlari, salohiyatlari va kelajak maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda muhim turtki bo‘ldi.
Joriy yili ta'lim muassasasiga 10 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirdi. Ushbu raqam o‘tgan yillarga qaraganda to‘rt barobar ko‘pligini alohida e'tirof etish joiz. Shundan 8 903 nafar o‘g‘il-qiz maxsus kasbiy tanlovda qatnashib, psixofiziologik o‘rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasi hamda chet tillarini o‘zlashtirganligini baholash bo‘yicha sinovlarni topshirdi. Maxsus kasbiy tanlovlardan to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 50 foizi va undan yuqori ball olgan nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yildi.
Aytish kerakki, imtihonlar qat'iy me'yor va talablar asosida tashkil etildi. Abituriyentlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, imtihon o‘tkaziladigan maxsus xonalar zarur texnika va jihozlar bilan ta'minlandi. Imtihonlar boshlanishi oldidan nomzodlarga raqamlangan maxsus kartochkalar topshirildi va maxsus kasbiy tanlovning har bir bosqichi javoblari o‘z vaqtida e'lon qilib borildi. O‘z navbatida, to‘plagan ballaridan ko‘ngli to‘lmagan nomzodlar va ularning ota-onalari uchun apellyatsiya tartibi joriy etilib, o‘tkazilgan sinovlarning videotasvirlari namoyish etildi. Qolaversa, imtihonlar va yakuniy suhbatga Akademiyaning malakali mutaxassislari bilan birga, respublikamiz yetakchi ta'lim muassasalaridan tajribali o‘qituvchilar jalb qilindi. Bu ham jarayonning teng, oshkora va shaffof o‘tishiga xizmat qildi.








