Jahon | 07:32 / 24.07.2018
5213
3 daqiqa o‘qiladi

Keksalar va bolalar: demografik inqiroz Rossiyaga 3,5 trln rublga tushadi

Foto: Aleksandra Astafeva / TASS

«Demografiya» milliy loyihasi Rossiya byudjyetiga 3,5 trillion rublga tushadi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 23 iyul, dushanba kuni, prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va milliy loyihalar bo‘yicha kengashi majlisida ma'lum qildi.

«Gap 3,5 trln rubldan ortiq mablag‘ haqida ketmoqda», - deya Rossiya hukumati rahbarining so‘zlarini keltiradi vazirlar mahkamasi sayti.

Medvedev gap juda katta miqdordagi mablag‘ haqida ketayotganini tan oldi va «Demografiya» milliy loyihasida har bir taklif maksimal ta'sirga qaratilgan bo‘lishi lozimligini ta'kidladi. «Mamlakatimiz uchun rossiyalik oilalar o‘z tarkibiga ko‘ra ko‘proq bo‘lishi, demografik holati og‘ir bo‘lgan hududlarda tug‘ilish darajasi o‘sib borishi juda muhim», - deya tushuntirdi u.

Rossiya bosh vaziri hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar tufayli mamlakat ancha yaxshi natijalarga erishganini ta'kidladi. Uning aytishicha, asosiy natija - o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining ortishi bo‘lib, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 73 yilni tashkil etadi. Prezident Vladimir Putinning may oyidagi farmoni bilan quyidagi maqsad qo‘yildi: 2030 yilga borib o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 80 yilga yetkazish.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi va SSSR qulashi oqibatida sodir bo‘lgan yo‘qotishlar natijasida Rossiya demografik «inqiroz» girdobida qoldi. «Eslatib o‘taman, bu yillarda bizning aholi soni yiliga bir million - 900 ming kishiga qisqardi. Tasavvur qila olasizmi? Dahshat!» - degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

2017 yilda Rossiyada 1,6899 million kishi tug‘ildi, bu so‘nggi 10 yil ichida eng past ko‘rsatkichdir. Rosstat ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada yil davomida tug‘ilish darajasi 10,9%ga (203,4 ming kishi) pasaydi.

Mavzuga oid