Rossiya Qurolli kuchlari 20 iyul kuni kunduzi Odessa shahriga navbatdagi hujumni amalga oshirdi. Ukraina mahalliy hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar fuqarolik infratuzilmasi ob’yektlariga to‘g‘ri kelgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Yana olti nafar fuqaro jarohat olgan. Ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, birining ahvoli og‘ir, ikkinchisiniki esa o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.
Mahalliy rasmiylar bildirishicha, hujum fuqarolik korxonasiga ham zarar yetkazgan. Oqibatda texnika yonib ketgan, gaz quvuriga shikast yetgan.
Shu bilan birga, Odessa viloyati hokimiyati 19 iyul kuni Qora dengizdagi Golden Leo quruq yuk kemasiga qilingan raketa hujumi qurbonlari haqida yangilangan ma’lumotni e’lon qildi. Gvineya-Bisau bayrog‘i ostida harakatlangan va don yukini tashib ketayotgan kema uchta qanotli raketa bilan nishonga olingan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida halok bo‘lgan barcha 10 nafarning jasadi topilgan. Ular orasida lotsman hamda ekipaj a’zolari bor. Yana sakkiz nafar ekipaj a’zosi hujumdan so‘ng qutqarilib, qirg‘oqqa evakuatsiya qilingan.
Bu orada Zaporijjya shahrida ham Rossiyaning dron hujumi qayd etildi. Viloyat harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat sanoati korxonasi nishonga olingan. Hujum oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan, ishlab chiqarish binosi va uskunalarga zarar yetgan.
Shu kuni ertalab Zaporijjyaga boshqariladigan aviabombalar bilan berilgan boshqa bir zarba natijasida bir kishi halok bo‘lib, yana besh nafar fuqaro jarohat olgan. Hujum oqibatida turar-joy va noturar binolar ham vayron bo‘lgan.
Xerson viloyatida esa artilleriya hujumi natijasida shifoxona nishonga olingan. Viloyat prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, yetti kishi, jumladan shifokor, hamshiralar, texnik xodimlar va ikki nafar tashrif buyuruvchi jarohatlangan.
Dnipropetrovsk viloyatining Pavlograd shahri ham hujumga uchradi. Mahalliy hokimiyat ma’lum qilishicha, ikki kishi halok bo‘lgan, yana 15 nafar, jumladan bir yoshli qizaloq jarohat olgan. Shaharda ko‘p qavatli uylar va avtomobillarga zarar yetgan.
Dnipropetrovsk viloyati kengashi raisi Nikolay Lukashukning aytishicha, Pavlograd tarixida ilk bor boshqariladigan aviabombalar bilan nishonga olingan. Uning ta’kidlashicha, bu qurollar avval asosan front chizig‘iga yaqin aholi punktlariga qarshi qo‘llangan bo‘lsa, endilikda ancha uzoqdagi shaharlarga ham tahdid solmoqda.












