13:50 / 31.07.2018
9883

«Urganch» xalqaro aeroporti hamon yopiq qolmoqda. Muddat yana uzayishi mumkin

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati 16 iyul kuni «Urganch» xalqaro aeroporti texnik sabablar va issiq ob-havo tufayli vaqtincha yopilgani haqida xabar bergan edi.

«Kun.uz» manbasining ma'lumotiga ko‘ra, aeroportning yopilishiga uchish-qo‘nish yo‘lagining ishdan chiqishi sabab bo‘lgan. Xususan, «Turk havo yo‘llari» samolyotining Urganchdan uchib ketish chog‘ida, ob-havo haroratning juda balandligi sababli, uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarar yetkazilgan, uning ba'zi joylarida asfalt erib ketgan.  

Hozirgi kunda Urganchdagi aeroportda uchish-qo‘nish yo‘lagining asfalt qoplamasini almashtirish bo‘yicha ta'mirlash ishlari jadallik bilan davom etmoqda.

Avvalroq, aeroportning 10 avgust kuni ishga tushirilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq, yangi ma'lumotlarga ko‘ra ish 20 avgustgacha davom etishi mumkin.

Ayni paytda, Urganchga keladigan va Urganchdan uchib ketadigan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha reyslarga chipta sotilishi to‘xtatilgan. Urganchga qo‘nib o‘tadigan xalqaro reyslar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahri aeroportiga yo‘naltirilmoqda.

Aeroport yopilishidan oldin, Urganchdan va Urganchga amalga oshiriladigan reyslarga chipta xarid qilgan yo‘lovchilar uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Urganch - Nukus va Nukus - Urganch yo‘nalishi bo‘yicha bepul avtobus qatnovi tashkil qilib bergan. 

Chipta sotib olish jarayonida o‘z shaxsiy telefon raqamlarini qoldirgan yo‘lovchilarning barchasi qo‘ng‘iroq orqali reysning Nukusga ko‘chirilgani haqida ogohlantirilgan. Yo‘lovchi aeroportga 4 soat oldin kelishi va avtobusda Nukus shahriga bepul eltib qo‘yilishi aytilgan. Telefon raqamini qoldirmagan va Urganchdagi aeroport yopilganidan bexabarligi tufayli, reysga kech qolgan ba'zi yo‘lovchilarga esa chiptalari yaqin reyslarga bepul almashtirib berilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK reyslariga sotilayotgan chiptalarda yo‘lovchilar ma'lumot olishi uchun 0 371 140 02 00 telefon raqami belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, Urganch xalqaro aeroportida ma'lumot olish uchun 0 362 224 59 59 raqami ishlab turibdi.

Aeroport ma'muriyatining ma'lumotiga ko‘ra, uning faoliyati 10 avgustgacha tiklanishi bo‘yicha barcha ishlar jadal olib borilmoqda. Biroq, ishlar rejadan ortda qolsa, uning faoliyati 20 avgust kuni tiklanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top