Kichik Donald Trampning toʻyi atrofidagi mojaro 14-15 sentabr kunlari ProPublica nashri maqolasidan soʻng avj oldi. Gap marosimning oʻzida emas, balki Bahama orollaridagi hashamatli bayram uchun kim va qanday pul toʻlagani haqida ketmoqda.

group-photo
Little Pipe Cay/Lux Hospitality Bahamas; Laura Gordon Photography via Instagram; Laura Gordon Photography Kichik Donald Trampning toʻy bazmi (Litl Payp Kay, Bahama orollari)

Nima yuz berdi?

2026-yil may oyida AQSH prezidenti Donald Trampning oʻgʻli kichik Donald Tramp (48 yoshda) model va kibor ayol Bettina Andersonga (39 yoshda) uylandi. Nikohni rasmiy roʻyxatga olish 21-may kuni Palm-Bichda (Florida shtati), tor doiradagi marosim esa 22-may kuni boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng Bahama orollaridagi ikkita xususiy orolda (jumladan, Little Pipe Cay) uch kunlik bazm oʻtkazildi. Mehmonlar 50 nafarga yaqin edi.

Taklif etilganlar orasida Trampning yana bir oʻgʻli Erik va kuyovi Jared Kushner ham bor edi. AQSH prezidentining oʻzi toʻyda ishtirok etmadi - u Eron atrofidagi vaziyat tufayli Vashingtonda qolgani taxmin qilinmoqda. Dastlab, er-xotin toʻyni Oq uyda oʻtkazish variantini koʻrib chiqishgan, ammo keyin bu fikrdan qaytishgan.

Daʼvolarning mohiyati

ProPublica maʼlumotlariga koʻra (hujjatlar + tadbirni tashkil etishdan xabardor boʻlgan uch manba), xarajatlarning katta qismini - yuz minglab dollarni rossiyalik tadbirkor va sport funksioneri Umar Kremlyov (Umar Nazarovich Kremlyov, ilgari Lutfulloyev, 1982-yilda tugʻilgan) qoplagan.

Xususan, unga quyidagilar nisbat beriladi:

  • xususiy orollardan birini ijaraga olish (bir kecha uchun taxminan 100 ming dollar) - u yerda mehmonlar yashagan va qabul oʻtkazilgan;
  • mushakbozlik (taxminan 70 ming dollar);
  • tadbirni tashkil etishda yordam berish.

Toʻlovlar Kremlyov boshchiligidagi Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) bilan bogʻliq Dubaydagi IB Challenger kompaniyasi orqali amalga oshirilgan. IBA avvalroq Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan.