Vaʼda bor, natija yöq 

Navröz massividagi aholining aytişiça, bu hududda qariyb 120 ta xonadon bor. Ularning aksariyati 2019-yildan buyon mazkur manzilda yaşasa-da, doimiy röyxatdan ötiş imkoniga ega emas.

«Şunça paytdan beri biz hokimiyatga, prokuraturaga, viloyat hokimligiga, vazirlikka murojaat qildik. Hammasidan javob xati keldi, lekin ijobiy natija bölmadi. Hokim ham faqat vaʼda beradi, lekin natija yöq”, deydi murojaatçilardan biri.

Vatandoşlarning sözlariga köra, masala avvalgi tuman hokimi davrida ham bir neça bor kötarilgan. Yangi rahbariyatga ham murojaatlar qilingan, biroq muammo hanuz hal etilmagan.

“Qölimizdagi qoğoz çiqindi xolos” 

Murojaatçilarning aytişiça, kadastr organlari tomonidan ularga mol-mulkka egalik huquqiga oid maʼlumotlar va QR-kodli hujjatlar berilgan. Ammo uşbu maʼlumotlarni elektron tizimlarda tekşirişga uringanda natija çiqmagan. 

“Kadastr böyiça mol-mulkka egalik huquqi çiqqan. Lekin internetda tekşirsangiz, heç qayerda körinmaydi. Bizga berilgan qoğozdagi kodlar orqali maʼlumot çiqmayapti. QR-kod bölgani bilan qölimizdagi qoğoz şunçaki çiqindi bölib qolyapti”, deydi yana bir murojaatçi. 

Aholining taʼkidlaşiça, bu holat ularning hujjatlariga nisbatan işonçsizlikni yanada kuçaytirmoqda.

“Mana şu beşta köçada yaşaydiganlarning hammasi hozir göyo noqonuniy turgandek. Aslida bizga qonuniy qaror berilgan, yer ajratilgan. Lekin keyin “suğoriladigan yerga bunday qaror beriş mumkin emas”, deyişyapti. Demak, bu yer hokimlikning xatosi bilan bizga berilgan. Hozir xohlagan odam sudga berib, hokimning qarorini bekor qildirişi va uylarimizni buzdirişi mumkin, degan xavotir bor. Biz aynan şundan qörqyapmiz. Yuqoridan bu masaladan bexabar kelgan odam hujjatlarimizni körsa, “sizlar noqonuniy yaşayapsizlar”, deb qolişi mumkin”, deya taʼkidlaydi murojaatçilardan biri.

“Farzandlarimiz maktabga çiqolmayapti” 

Manzil böyiça röyxatdan öta olmayotganlar farzandlarini maktabga joylaştiriş, tibbiy xizmatlardan foydalaniş va boşqa masalalarda muammolarga duç kelmoqda. 

“Farzandlarimiz maktabga çiqa olmayapti. Nogironlarimiz bor, kerakli tibbiy xizmatlarni ololmayapti. Negaki, propiskaga tura olmayapmiz”, deydi ularan biri.

Yana bir murojaatçi esa nabirasi bilan boğliq vaziyatni misol keltirdi:

“Nabiram 18 yoşda, ikki yildan beri heç qayerda yöq. Pasport olgan, lekin kadastrimiz yöq. Uni qayerga propiskaga qöyamiz? Boşqa joyimiz yöq”.

Ayrim oilalar farzandlarini vaqtinça qarindoşlarining manziliga propiskaga qöyişga majbur bölayotganini ham bildirişdi. 

Masalani kim hal qilişi kerak?  

Navröz massividagi vatandoşlarning muammosi faqatgina kadastr organi bilan boğliq emas. Sababi, ularga uy quriş uçun suğoriladigan yerdan ajratilgan. Bu tuman hokimining qarorlarida ham körsatib ötilgan. Demak, muammoning yeçimi yer toifasini özgartiriş bilan ham boğliq.

Qonunçilikda qişloq xöjaligiga möljallangan yerlarni boşqa toifaga ötkazişning alohida tartibi belgilangan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 246-son qarori bilan qişloq xöjaligi va örmon fondi yerlarini yer fondining boşqa toifasiga ötkaziş masalalarini körib çiqiş böyiça Hukumat komissiyasi töğrisidagi nizom tasdiqlangan.

Mazkur tartibga köra, yer toifasini özgartiriş böyiça takliflar tegişli hokimliklar tomonidan şakllantiriladi. Hujjatlar belgilangan şakllarda tayyorlanib, körib çiqiş uçun işçi organga va Hukumat komissiyasi aʼzolari bilan kelişiş uçun yuboriladi. Xususan, suğoriladigan yer uçastkalarini boşqa toifaga ötkaziş masalasida Qişloq xöjaligi vazirligi, Suv xöjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining tegişli xulosalari ham talab etiladi.

Kadastr agentligining rasmiy izohida ham qişloq xöjaligi yerlarini boşqa toifaga ötkaziş alohida tartibda amalga oşirilişi qayd etilgan.

“Boşqarmadan javob kelmadi”

Holatga aniqlik kiritiş maqsadida Zangiota tumani hokimligi bilan boğlandik. Hokimlik vakili tomonidan masalani hal qiliş maqsadida 2026-yil 21-avgust kuni Toşkent viloyati Yer loyiha boşqarmasiga yer toifasini özgartiriş böyiça xat yuborilgani, ammo boşqarmadan hali javob kelmagani aytildi. Muammoning nega qariyb 7 yildan buyon hal etilmayotgani böyiça bergan savolimiz esa javobsiz qoldi.