Test jarayonlari boshlanib ketdi. Yil davomida shirin orzular og‘ushida yurgan minglab abituriyentlar bugun haqiqiy sinovdan o‘tmoqda. Buni Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgan test jarayonlari misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyatdagi mavjud 3 ta oliy ta'lim muassasasining kunduzgi bo‘limlariga o‘qishga kirish uchun bu yil jami 51 ming 529 nafar, shundan, Qarshi Davlat universitetiga 30 937 nafar, Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutiga 18 192 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialiga 2 400 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilindi.

Yoshlarni o‘qishga qabul qilish uchun Qarshi Olimpiya zaxiralari sport kollejining yengil atletika sport maneji, voleybol va dzyu-do zallari tanlandi. Bu binolarning sig‘imi 2 220 o‘ringa mo‘ljallangan.

Test sinovlarini shaffof va adolatli hamda xolis tarzda o‘tkazish, test sinovlarini ota-onalar va keng jamoatchilik ham onlayn tarzda kuzatib borishi uchun 1200 o‘rin ajratildi hamda katta ekranli monitor o‘rnatildi.

- Bu yilgi test jarayonlari shaffof o‘tyapti, - deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan nazoratchi Shahlo Nurmatova. – Ota-onalar uchun ham, abituriyentlar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo, mana ko‘rib turganingizdek, test jarayoni tugashiga hali yarim soat bor bo‘lishiga qaramay, zal deyarli bo‘shab qoldi. Bu tavakkal topshirishdan, kimlarningdir o‘rnidan imtihonga kirishdan dalolat beradi.

- O‘g‘lim muhandis bo‘lmoqchi, uning orzulari juda katta. Ikkinchi yil topshirishi. Mana, hozir uning imtihon jarayonini kuzatib boryapman. O‘zim Nishon tumanidan keldim. Haqiqat borligidan umid qilaman, uzoq yo‘ldan kelib, o‘g‘limning test yechayotganini ko‘rib turibman, - deydi nishonlik dehqon To‘ramurod Azizov.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tishimiz kerakki, test jarayonida soxta hujjatlar bilan, kimlarningdir o‘rniga test jarayonlariga qatnashish holatlari qayd etildi. Achinarlisi, ular orasida Qarshidagi oliygohlarda tahsil olayotgan 4-kurs talabalari ham bor. Qayd etib o‘tish lozimki, abituriyentlardan hujjat qabul qilishda O‘zbekistonda ilk bor Qashqadaryoda biometrik ma'lumotlar yig‘ish qurilmasidan foydalanildi. Ammo shunga qaramay, o‘tgan ikki kun ichida juda ko‘p qonun buzilish holatlari aniqlandi.