"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ vakillari O‘zbekiston Xususiy turistik agentliklar assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashishdi. Barcha masalalar turizmni intensiv rivojlantirish foydasiga hal bo‘ldi, deya ma'lum qiladi Assotsiatsiya matbuot xizmati.

Uchrashuvda turoperatorlar tomonidan berilgan takliflar asosida quyidagi masalalar o‘z yechimini topdi:

1. 2018 yilning 1 sentabridan temir yo‘l chiptalari uchun oldindan guruh bo‘lib buyurtma qabul qilishda pasport nusxalarini taqdim etish zarurati bekor qilindi. Shunday bo‘lsa-da, sayyohlar guruhi uchun temir yo‘l chiptasiga buyurtma qabul qilishda yo‘lovchining ismi sharifi, pasport ma'lumotlari, tug‘ilgan sanasi, doimiy yashaydigan mamlakati avvalgidek belgilangan tartibda ikki nusxada taqdim etilishi kerak.

Foto: O‘zbekiston Xususiy turistik agentliklar assotsiatsiyasi

2. 2018 yilning 20 avgustidan Samarqanddagi katta turistik guruhlarga qulay sharoit yaratish maqsadida Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishidagi №762/761, №766/765 tezyurar poyezdlarining to‘xtash vaqtini 5 daqiqadan 10 daqiqagacha uzaytiriladi.

3. 2018 yilning 15 avgustidan "Toshkent-Markaziy" vokzali kassasi bazasida turistik tashkilotlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan kassalar ishga tushirildi. Shuningdek, turistik tashkilotlar arizalari bilan ishlash bo‘limida shtat birligi joriy qilindi.

"Toshkent-Markaziy" vokzalida turistik tashkilotlarga xizmat ko‘rsatuvchi 4 kassa ochish rejaga kiritildi. Band qilish va chipta berish xizmatlari bir joyda ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, turistik tashkilotlar arizalarini elektron shaklda qabul qilish tizimi kiritiladi.

4. Joriy yilning 14 avgustidan temir yo‘l chiptasini band qilishda har bir joy uchun qo‘shimcha to‘lov kiritish bekor qilindi.

Foto: O‘zbekiston Xususiy turistik agentliklar assotsiatsiyasi

5. Bugunga kelib Toshkent vagon-ta'mirlov qurilish zavodi bazasida umumiy hisobda 240 o‘ringa mo‘ljallangan 5 vagonni ta'mirlash va modernizatsiyalashga doir ishlar olib borilmoqda. Bu vagonlar 2018 yilning sentabr oyi oxiriga qadar ekspluatatsiyaga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu o‘rinlar "Afrosiyob" tezyurar poyezdlarida joy qolmagan taqdirda faqat turistik kompaniyalarga taqdim etiladi.